“Jarqo‘rg‘on bozorida katta janjal soliqchi va xokim va’dasini bajarmadi, kuchi ayollarga yetdimi endi?” deb nomlangan videomurojaat yuzasidan Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati “Jarqo‘rg‘on dehqon bozori” atrofida noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan bir guruh fuqarolarning mutasaddilardan noroziligi to‘g‘risidagi video murojaatlari tarqaldi.
Mazkur holat Jarqo‘rg‘on tumanining “O‘zbekiston” ko‘chasida joylashgan tuman dehqon bozoriga tutash piyodalar yo‘lakchasi hamda bozor atrofidagi aholi istiqomat qiluvchi ko‘chalarda bir guruh fuqarolar qo‘lbola rastalar tayyorlab, noqonuniy tarzda savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelishgan. Piyodalar o‘tish yo‘lagi va aholi yashovchi yo‘lni to‘sib qo‘yib, noqonuniy tarzda yoyma bozor tashkil etgan ushbu fuqarolar Jarqo‘rg‘on tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilishlariga qaramay qonunga xilof ravishda savdo faoliyatini davom ettirishgan.
Bu esa, o‘z navbatida bozorga kirib-chiqish va piyodalar yo‘lakchasidan foydalanishda aholiga bir qator noqulayliklar tug‘dirib kelayotgandi. Bundan bir necha kun oldin Jarqo‘rg‘on tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirida, noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan ushbu fuqarolar yana bir bor ogohlantirilgan.
Ushbu hududda noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan sotuvchilarni ko‘chirish jarayonida, sotuvchilar Soliq inspeksiyasi xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatishgan. Soliq xodimlarining chaqiruviga asosan Jarqo‘rg‘on tumani IIB xodimlari bozor hududida jamoat tartibi ta’minlash uchun jalb etilgan va fuqarolar xavfsiziligi hamda jamoat tartibini saqlagan holda qonunda belgilangan tartibda xizmat olib borishgan.
Ko‘chirish jarayonida tuman IIB xodimlari tomonidan hech qanday noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilmagan.
Tuman davlat soliq inspeksiyasi binosida ushbu fuqarolar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, noqonuniy tarzda va belgilanmagan joylarda savdo faoliyati bilan shug‘ullanish qonuniy tartibda chora ko‘rilishiga sabab bo‘lishi tushuntirilgan.
Shuningdek, tuman hokimligi vakillari ushbu fuqarolarga qurilishi bitmagan yangi savdo majmuasidagi binodan vaqtinchalik foydalanib turishlari mumkinligi va hech qanday ijara haqi olinmasligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borishgan.
Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 219-moddasida jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish, — bunday faoliyatdan olingan daromadlarning o‘n foizi miqdorida, lekin bir million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati