O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan "O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida"gi farmonga muvofiq, fuqaroligi bo‘lmagan, boshqa davlat fuqaroligini olmagan va mamlakatimizda doimiy yashab kelayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.
Ushbu qaror inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi sifatida qabul qilindi.
Mazkur Farmon
asosida Surxondaryo viloyatida 56 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul
qilindi. Shu munosabat bilan viloyat hokimligida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov fuqarolik maqomini olgan
shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalarni
topshirib, ularni ushbu muhim voqea bilan samimiy qutladi. Shuningdek, tadbirda
viloyat prokurori Baxtiyor Babajanov va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i
Timur Ismoilov ham ishtirok etdilar.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston fuqaroligini olish fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga mamlakatning barcha huquq va erkinliklaridan to‘liq foydalanish imkonini berishini, ularning ijtimoiy himoyasi va huquqiy maqomini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.