18 Aprel 2024 yil 247

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar o‘rtasida “Ajdodlar izidan” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari, yosh harbiy xizmatchilar va kursantlarning milliy davlatchiligimizning vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlari, shon-shuhratlarini zamondoshlar ongida abadiylashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Ayniqsa, yosh avlodning dunyoqarashi, qalbida milliy qadriyatlar ruhi, millat tamadduniga daxldorlik, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirish buyuk ajdodlarimiz meros qilib qoldirgan asarlarini o‘rganish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar asosida kitobxonlik tanlovlari va intellektual o‘yinlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, ichki ishlar organlari tizimida xizmat olib borayotgan yosh xodimlarning kitob o‘qish va kitobxonlik salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida, joriy yilning 18 aprel kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari yosh xodimlari o‘rtasida “Ajdodlar izidan” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Bunda jamoalar ushbu tanlovning birinchi bosqichida “Temur tuzuklari”, Said Ahmadning “Ufq”, Mirmuxsinning “Xo‘jand qal’asi” hamda Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” asarlari asosida tayyorlangan savollar bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

Ushbu intellektual o‘yinda boshqarmaning sohaviy xizmat va barcha shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari hamda Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo Akademik litseyidan tashkil topgan jami 18 ta jamoalar ishtirok etishdi.

Qizg‘in va murosasiz baxslarda kechgan intellektual o‘yinining yakuniy natijalariga ko‘ra 3-o‘rinni Jarqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi jamoasi, 2-o‘rinni Termiz shahar ichki ishlar boshqarmasi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, musobaqaning mutloq g‘olibiga loyiq deb topilgan Muzrabot tumani ichki ishlar bo‘limi jamoasi 1-o‘rinni egallab, tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Tanlov so‘ngida g‘olib jamoalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashining diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Text to speech