21 Sentyabr 2021 yil 2111

Yo'l harakati qoidalariga rioya qilaylik!

Joriy yilning 20 sentyabr kuni, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati qo'riqlash boshqarmasi, barcha shahar va tumanlar qo'riqlash bo'limlari shaxsiy tarkibi o'rtasida, viloyat IIB yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas'ul xodimlari ishtirokida, yo'l-transport hodisalarini oldini olish hamda yo'l harakati qoidalariga amal qilinishi ta'minlash yuzasidan navbatdagi profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi.
Unda mutaxassislar tomonidan, uzoqni yaqin, og'irni engil qiluvchi avtomobil insonga dastyor bo'lsada, yo'l harakati qoidalari buzilganda u fojia sababchisiga aylanishi mumkinligini, avtotransportni boshqarish chog'ida e'tiborni qaratish lozim bo'lgan qoidalar haqida to'xtalib o'tildi. Harakatni tartibga soluvchi yo'l belgilariga rioya etmaslik hamda tezlikni oshirish, shuningdek, spirtli ichimliklar iste'mol qilish oqibatida viloyat hududida sodir bo'layotgan avtohalokatlar xususida atroflicha ma'lumotlar berildi. Soha xodimlari yanada sergak bo'lishi, xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarini boshqarishda o'zining yuksak madaniyatini ifoda etishi, yo'l harakati qoidalariga rioya etishi kerakligi ogohlantirildi.
Muloqot davomida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan aniq javob va tushunchalar oldilar. Shuningdek, tadbir so'ngida barcha haydovchi xodimlarning shaxsiy va xizmat avtoulovlari texnik ko'rikdan o'tkazilib, uni boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlari viloyat IIB yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas'ullari tomonidan yana bir bor ko'zdan kechirilib, qo'shimcha yo'riqnomalar berildi.

Text to speech