Xotira muqaddas, jasorat abadiy!
Bugungi tinch osoyishta kunlar uchun nafaqat ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, balki front orti faxriylari, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a'zolariga ham alohida hurmat ko'rsatilmoqda.
Jumladan, viloyat IIB rahbariyati tomonidan Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 2000 yilda Sariosiyo va uzun tumanlarining tog'li hududlarida terrorchi guruhlarning jangavor harakatlariga qarshi kurashda halok bo'lganlarning oila a'zolari holidan xabar olindi.
Denov tumanida yashagan marhum Saloxiddin Bekmurodov, Xidirali Ro'ziboev, Anvar Shukurovlarning xonadoniga qilingan tashrif chog'ida ularning porloq xotirasi yodga olinib Qur'on tilovat qilindi. Oila a'zolariga chuqur hurmat bajo keltirilib, 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Xayrli tadbir asnosida xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lganlarning oila a'zolaridan ham xabar olindi. Samimiy o'tgan uchrashuvlar chog'ida sho'rchilik marhum Aliqul Safarov, oltinsoylik Muhiddin Amanov, jarqo'rg'onlik Sherali Aytuganov, uzunlik Shokirjon To'ranovlarning xizmatlari mutasaddilar tomonidan e'tirof etilib, ularning xotirasi yaqinlari qatori safdoshlari, shogirdlarining qalblarda mangu muhrlanganligi ta'kidlab o'tildi. Shuningdek, marhumlarning oila a'zolariga ham 13 turdagi mahsulotlar berildi.
Sana munosabati bilan ichki ishlar boshqarmasining mas'ul xodimlari uzoq yillar davomida o'z bilimi va tajribasini ona Vatan tinchligi va osoyishtaligini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish, qonun ustuvorligini ta'minlashdek ulug'vor maqsadlarga safarbar etgani holda fidoyilik ko'rsatmoqda. Ana shunday hamkasblariga namuna bo'lgan nafaqadagi faxriylarning ham xolidan xabar olindi.
Termizlik Yo'ldosh Tog'aev, Chori Begmatov, muqaddam Chorieva, qumqo'rg'onlik Mammadi Sattorovlarning xonadoniga borilib, boshqarma boshlig'ining tabriknomalari o'qib eshittirildi. Ularga ham 13 turdagi mahsulotlar ulashildi.
Bunday xayrli tadbirlarni ko'rib, mamlkatimizda inson sha'ni, qadr-qimmati ulug'ligini his etasan kishi. Bu esa o'tmishni xotirlab, kelajakka tashlangan odim porloq va farovon kunlardan darak berishidan bir nishonadir.
Surxondaryo viloyati axborot xizmati