Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari "Omonxona" sog'lomlashtirish maskanida targ'ibot tadbirini o'tkazishdi
Joriy yilning 5-6 iyun kunlari xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari Boysun tumanidagi "Omonxona" sog'lomlashtirish maskaniga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy turistlarni xavfsizligini ta'minlash maqsadida, "Omonxona" sog'lomlashtirish maskani ishchi-xizmatchilari hamda maskanda savdo-sotiq ishlari bilan shug'ullanuvchi fuqarolar bilan targ'ibot-tashvig'ot ishlarini olib borishdi.
Tadbirda asosiy e'tiborni maskanga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy fuqarolarning shaxsiy narsa va buyumlariga ehtiyotkor bo'lishlari, xorijiy fuqarolar bilan xushmuomilada bo'lish, sayohatchilarga nisbatan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilgan taqdirda zudlik bilan tuman IIB va viloyat IIB xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasida tashkil etilgan navbatchilik qismining (76) 229-01-45 telefon raqamiga murojaat etishlari ta'kidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi keng tarqalishini oldini olishda, karantinda belgilangan cheklovlar, tartib-qoidalarga rioya etish juda muhimligi bo'yicha ham tavsiyalar berildi.
Uchrashuv so'ngida, "Omonxona" sog'lomlashtirish maskani ishchi-xizmatchilari hamda maskanda savdo-sotiq ishlari bilan shug'ullanuvchi fuqarolarni qiziqtirgan savollari bo'yicha kerakli ma'lumotlar berish bilan birga, maskandagi mahalliy va xorijiy mehmonlar va maskan ishchi-xizmatchilariga xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi ish faoliyati hamda ishonch telefonlari aks ettirilgan bukletlar va xodimlarning shaxsiy uyali qo'l telefon raqamlari taqdim etildi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati