Voyaga etmagan ukasini jinoyatga undagan akaning qilmishi fosh etildi
Termiz shahrida 2021 yilning 4 mart kuni shaharning "Bog'zor" mahallasida yashovchi, X.K. shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, unda 3 mart kunidan 4 mart kuniga o'tar kechasi shaharning "eski shahar" mahallasi hududida joylashgan savdo do'konidan jami 13.000.000 (o'n uch million) so'mlik sport jihozlari va 1.000.000 (bir million) so'm pullarini noma'lum shaxs o'g'irlab ketganligini ma'lum qilgan. Ichki ishlar xodimlari tomonidan ko'rilgan tezkor choralar natijasida ushbu o'g'rilik jinoyatini shaharning "eski shahar" mahallasida yashovchi, ilgari O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi "g" bandi bilan ayblangan, T.B. va uning voyaga etmagan ukasi maktab o'quvchisi T.Z.lar sodir etishganligi aniqlanib ushlangan va ulardan ashyoviy dalil olingan. 11 mart kuni T.B.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o'g'irlik) 3-qismi "a" bandi va 127-moddasi 3-qismi (voyaga etmagan shaxsni g'ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Fuqaro T.B. muqaddam sodir etgan o'g'irlik jinoyati uchun tergov harakatlari o'tkazilib, mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo'yicha sudiga yuborilganligi va sud jarayoni o'tkazilishi kutilayotgan bo'lsada, o'ziga tegishli xulosa chiqarmasdan qayta o'g'irlik jinoyatini sodir etganligi, kamlik qilgandek, o'zining voyaga etmagan ukasini jinoyat sodir etishga jalb qilgan. "O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas"- deganlaridek, T.B. o'ziga kasb qilib olgan o'g'irlik jinoyatini takror sodir etib, o'zining kelajagini o'zi belgiladi. Ammo, voyaga etmagan o'z ukasini jinoyatga boshlaganligi uchun esa bir kun kelib vijdoni qiynalarmikan!? Voyaga etmagan maktab o'quvchisining qilmishi uchun o'qituvchi nima deb, javob bera oladi. Tarbiya va ta'lim maskani bo'lmish ushbu maktab mutasaddilari o'quvchi yoshlari tarbiyasi bilan qay darajada mashg'ul bo'lishmoqda ekan!?
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati