13 Noyabr 2020 yil 566

Viloyat IIB xodimlari 5 yo'nalish bo'yicha bellashishdi

Bugun Termiz shahrida ichki ishlar organlari xodimlari o'rtasida "Amir Temur o'g'lonlari" va "Jaloliddin Manguberdi vorislari" nomidagi viloyat hokimi sovrini uchun ko'rik-tanlov bo'lib o'tdi. Unda viloyat IIB shaxsiy tarkibidagi san'atga oshno bo'lgan xodimlar baxshichilikda, rassomchilikda, ot choptirish, kitobxonlik va chanqovuz chalish mahorati bo'yicha o'zaro bellashishdi.
- Ruhiyati tetik odam o'z ishiga ham boshqacha yondashadi, - deydi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Mengnor Allamurodov. Ayniqsa, adabiyot, san'at va musiqaning bu jarayonda munosib o'rni bor. Shu bois, bugun ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan xodimlar o'rtasida kitobxonlik ma'naviyatini targ'ib qilish, ularni san'atning turli yo'nalishlari, xususan, ajdodlardan bizga meros bo'lib kelayotgan baxshichilik, chanqovuz chalish kabi turlariga oshno qilish maqsadida ana shunday ko'rik-tanlovlarni o'tkazish belgilangan. Bugungi tadbirda ham san'atga oshufta, ot choptirishga usta mohir organ xodimlari saralab olindi.
Dastlab, mo'yqalam yordamida mohirona san'at asari yarata olish qobiliyatiga ega iqtidor egalari o'zlarining vatanparvarlik ruhi bilan yo'g'rilgan asarlarini namoyish etishdi. Shundan so'ng, eng sara kitobxon xodim tanlab olindi. Do'mbirani sayratib, Baxshiyona kuylayotgan ishtirokchilarning ham chiqishlari vohadagi dongdor baxshilarimiz tomonidan baholab borildi.
Olis-olis Surxon tog'lariyu undagi zilol chashmalarning ovozidan darak beradigan chanqovuzning sirli kuyi hammaning yuragiga hayajon soldi. Etlarni jimirlatdi, yuraklarni titratdi. Undan sehrli kuy taratishni qoyillatganlar ham bir-biridan o'zaman deydi. Ular ham hakamlarning munosib bahosiga, yig'ilganlarning esa olqishiga sazovor bo'lishdi.
Azaldan ot minib katta bo'lgan Surxonnning mard o'g'lonlari Termiz tumanidagi "ot chopar" maydonida yana bir bor mahoratlarini ko'rsatishdi. Ularning chiqishlarini esa yilqichilik va ot sporti federasiyasi vakillari kuzatib borishdi.
Musobaqalar nihoyalangach, g'oliblar diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech