1 Fevral 2021 yil 580

Viloyat IIB boshlig'i uzun tumanidagi "Oqtumshuq" va "Ulonqul" mahallasi aholisi bilan uchrashdi

Mamlakatimizda so'nggi yillarda ayollar masalasida jamiyatda gender tenglikni ta'minlash, ayollarimiz uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, yoshlarning o'z bilim va salohiyatlarini to'laqonli namoyon etishini ta'minlovchi tizim yaratildi.
Bunga hamohang ravishda viloyat IIB tomonidan "yoshlar va ayollar" uchrashuvlari o'tkazib kelinmoqda. Navbatdagi uchrashuv uzun tumanidagi "Oqtumshuq" va "Ulonqul" mahallalarida bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda chekka hududdagi bandligi ta'minlanmagan yoshlar, ayollar, tadbirkorlik sub'ektlari vakillari, mahalliy kengash deputatlari ishtirok etdi. Tadbir davomida yurtimizda yoshlarning bilim olishlari va ish bilan ta'minlash uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida so'z yuritildi. Xuddi shunday, "yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi qonunning ijrosi haqida batafsil ma'lumot berildi.
Sayyor uchrashuvda viloyat IIB boshlig'i mahallalardagi yoshlar va ayollarning murojaatlarini tingladi. Kelib tushgan 85 ta murojaatdan 18 tasi ijobiy hal etilgan bo'lsa, 22 tasi bo'yicha huquqiy tushuntirish berildi. Vaqt talab qiladigan 45 ta murojaatning ijrosi nazoratga olindi.
Muloqot davomida uchrashuvga tashrif buyurgan fuqarolar tomonidan asosan tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish uchun er maydoni ajratish, moliya muassasalaridan kredit olish, sport maydonini zamon talablariga moslash va zaruriy anjomlar bilan ta'minlash, ichki yo'llarni ta'mirlash va ichimik suvi o'tkazish, moddiy yordam ajratish, ishga joylashish kabi masalalar ko'tarildi.
Sayyor uchrashuv davomida shu joyning o'zida tegishli idoralar mas'ullari jalb etilgan holda muammolarni hal etish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Tadbir davomida aholining sog'ligini tiklash, tibbiy maslahat berish va ko'rikdan o'tkazish maqsadida tibbiy ko'rik ham tashkil etildi. Viloyat markazidan ko'chma mobil aftolmologik klinika bilan birgalikda 30 dan ortiq kasalliklar bo'yicha malakali shifokorlar jalb qilindi.
Tibbiy ko'rik davomida aniqlangan kasalliklarga tashxis qo'yilib, maslahatlar, jiddiy kasalliklari bor bemorlarga esa viloyat Markaziy shifoxonalariga davolanishlari uchun yo'llanmalar ham berildi.
Tadbir doirasida viloyat IIB boshlig'i, yoshlar agentligi rahbari hamda mutasaddilar ishtirokida mahalladagi xonadonlarda bo'lishib, aholining turmush tarzi va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, "Oqtumshuq" mahallasida yashovchi Ravshan Murodov xonadonida bo'lishib, tomorqadan olinayotgan daromad, oila farzandlari bilan esa kasb-hunarga qiziqishlari borasida suhbatlashdilar.
Mahallada eshik va rom tayyorlaydigan kichik tsex faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan IIB boshlig'i tadbirkorning bugungi faoliyati, ish jarayonida uni qiynayotgan muammolar, shu bilan birgalikda yangi ish o'rni yaratish, mahalla yoshlariga ham ushbu hunarni o'rgatish, shogirdlar tayyorlash borasida maslahatlar berdi.
So'ngra aholi bilan olib borilgan suhbat davomida bildirilgan muammolarni hal etish maqsadida mahalla ko'chalari, xonadonlar ahvoli ko'zdan kechirildi, fuqarolar bilan yaqindan suhbatlashildi. Mahalladagi 600 metr ichki yo'lda viloyat avtomobil yo'llari bosh boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda qum va tosh to'shamalari to'shaldi. Kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularga bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatildi.
Kunning ikkinchi yarmida davom ettirilgan sayyor qabulda ham aholi tomonidan bildirilgan barcha muammolar, taklif-mulohazalar o'rganilib, echimi bo'yicha chora Ko'rildi.
Shuni ta'kidlash joizki, bunday uchrashuv va sayyor qabullar orqali "yoshlar daftari" va "ayollar daftari"ga kiritiladigan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivasiya uyg'otilib, kasbiy ko'nikmalar shakllantiriladi. Mamlakat kelajagini ta'minlovchi ayollar va yoshlar masalasida mutlaqo yangi, zamon talablariga mos ish uslublari asosida muammolar echimiga erishiladi. Bu esa, o'z navbatida, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar va yoshlarning faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida o'zlarining iqtidor va salohiyatlarini to'laqonli namoyish etishiga keng imkoniyatlar yaratadi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech