Viloyat IIB boshlig'i jinoyatchilik salmog'i oshgan mahallalarga bormoqda
Bugun ayrim mahallalarda jinoyatchilik umuman sodir etilmaganidan quvonsak, lekin ayrimlarida buning aksini ko'rib, biroz ko'nglimiz xira tortadi. Ayni paytda Surxondaryo viloyat IIB boshlig'i A.Ismoilov aynan ushbu masalani befarq qoldirmayapti.
A.Ismoilov Jarqo'rg'on tumanidagi ana shunday hududlardan biri "Yangiobod" mahallasida bo'ldi. U erdagi tayanch punktida bo'lib, profilaktika inspektoridan tortib barcha mahalla faollari, hamkor tashkilot vakillari bilan uchrashdi.
Aytish kerakki, "Yangiobod" mahallasi Jarqo'rg'onning qoq markazida joylashgan. 636 ta xonadonda 3931 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 15 ta turli korxona va tashkilotlar faoliyat yuritadi. O'tgan yili mahallada birorta ham jinoyatchilik qayd etilmagandi, ammo bu yil ularning soni 4 taga oshgan.
A.Ismoilov uchrashuv jarayonida buning sabablari bilan qiziqdi. O'z navbatida, mahallada huquqbuzarlik va jinoyatlikning oldini olishga qaratilgan targ'ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, boshqa tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni yaxshi yo'lga qo'yish bo'yicha tavsiyalar ham berib o'tdi. Ayniqsa, voyaga etmaganlar bilan ishlash, ularni sog'lom turmush tarziga rioya etib yashashi, sport bilan shug'ullanishi, umuman, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etilayotgani yoki yo'qligini qat'iy nazoratga olish lozimligini ta'kidladi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati