Viloyat shtabida kunlik ishlar muhokamasi o‘tkazildi
Ulug‘bek Qosimov viloyat, shahar va tumanlar Shtablarining bugun amalga oshirgan ishlarini muhokama qildi. Unda har bir shahar va tumanga biriktirilgan mas’ul rahbarlarning hududiy shtablar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlashda aniqlangan muammolar muhokama markazida bo‘ldi. Jumladan, Oltinsoy tumanidagi markaziy shifoxonaning isitish tizimi yaxshi ishlamaganligi sababli bemorlarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqarganligi tanqid qilindi va aniqlangan muammoni bir kun muddatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari tomonidan aholiga sifatli ko‘mir, suyultirilgan maishiy gaz balonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Bundan tashqari, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan Angor tumani dehqon bozoridagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi nomiga tashkil etilganligi, mahsulotlar belgilangan narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli ushbu bozor rahbarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi. Shuningdek, bir nechta mas’ullar mazkur holatlarni nazorat qilmaganligi uchun ogohlantirildi.