27 Dekabr 2022 yil 578

Viloyat hokimi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi

Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimov bugun Termiz shahridagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Shahar sektorlari rahbarlari, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda sohadagi mavjud muammolar tilga olindi, maxsus texnikalarning joriy holati ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga bir kun muddatda soha xodimlarining barchasini bir xildagi maxsus qishki kiyimlar bilan ta’minlash vazifasini yukladi.

– Siz mening eng yaqin ko‘makchim bo‘lasiz. Sizning mashaqqatli mehnatingiz sabab viloyatimiz mahallalari, ko‘chalari va xiyobonlarida obodlik va ko‘rkamlik bo‘ladi. Obodlik bor joyda fayzu-baraka, ishimizda unum, fuqarolarimiz kayfiyatida ko‘tarinkilik bo‘ladi. Shuning uchun bu borada Sizning yordamingizga suyanamiz – dedi viloyat rahbari soha jonkuyarlariga.

Shuningdek, mutasaddi rahbarlar hamda tuman (shahar) hokimliklariga obodonlashtirish sohasi ishchi xodimlari uchun Yangi yil bayrami sovg‘alarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi yo‘llar infratuzilmasi bilan tanishib, bu borada kamchiliklar ko‘pligini, qurilish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi, bu esa o‘z navbatida aholi kayfiyatiga ta’sir qilib, ularning haqli e’tiroziga sabab bo‘lishini ta’kidladi. O‘rganish davomida soha mas’ullaridan mavjud muammolar yuzasidan hisobot olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Viloyat hokimi shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasiga mas’ul rahbarlar bilan ham uchrashib, kuzgi shudgorlash hamda ekinlar parvarishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olish uchun tuzilgan shartnomalarni monitoring qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va ishlarni sifatli hamda o‘z muddati amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech