7 Dekabr 2022 yil 400

Viloyat IIBda Konstitutsimizning 30 yilligi bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tdi

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Konstitutsiya va davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda boshqarma rahbariyati, shaxsiy tarkibi va faxriylar ishtirok etishdi.

Dastlab, sahnaga O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i tantanali olib kirildi va davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvohid Ismoilov bayram tadbirini kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarni sana munosabati bilan muborakbod etdi. Va yurtimizda har bir fuqaroning qonuniy haq-huquqlari – Konstitutsiyamizda mustahkam belgilab berilganligi, barcha islohotlar «Inson qadri uchun» degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotganligini e’tirof etdi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishoni ta’sis etilib, bugun mazkur mukofot bilan har bir soha vakillari kabi 1 ming 250 nafar ichki ishlar organlari xodimlari hamda faxriylari ham taqdirlandi. Ular orasida Surxondaryo viloyati IIB xodimlari ham bor. Ulardan 49 nafari ichki ishlar xodimi, 2 nafar faxriy va 1 nafar IIV Surxondaryo akademik litseyi o‘qituvchisi. Yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qadr-qimmati ulug‘lanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Asosiy Konstitutsiyamizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan mazkur xodimlarga esdalik nishonlari  polkovnik A.Ismoilov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Shu bilan birga, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashda alohida o‘rnak bo‘layotgan 47 nafar xodim viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 2022 yil 6 dekabrdagi buyrug‘i asosida pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.

Yana 52 nafar xodimning harakatdagi intizomiy jazolari muddatidan oldin bekor qilindi.

Ichki ishlar organlari obro‘sini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan viloyat IIB Shimoliy mintaqaviy hudud saf bo‘linmalari yo‘l-patrul xizmati otryadi yo‘l-patrul xizmati inspektori safdor Uljaev Elyor Ismoyilovich 6 000 000 so‘m miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Safdorning otasi  Ismoil Sangilov hamda onasi Umida Sangilovalarga viloyat IIB boshlig‘ining tashakkurnomasi e’lon qilinib, minnatdorchilik bildirildi.

Text to speech