Vatan uchun shirin jonini fido qilgan o‘g‘lonlarning oila a’zolari holidan xabar olindi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 27 dekabrdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar” rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida, Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Sh.Shadiev va viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va Kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari mayor X.Nurmatovlar Sariosiyo va Uzun tumanlari tog‘li hududlarida vatanimiz sarhadlariga suqulib kirgan bir guruh terrorchi jangarilarni yo‘q qilish vaqtida halok bo‘lgan safdor Bekmurodov Saloxiddin Elmurodovich hamda Tojikiston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikalari chegara hududlarida vaziyatning keskinlashganligi, chegara tutashgan joyga bo‘lgan otishma chog‘ida halok bo‘lgan safdor Ro‘ziboev Xidirali Sulaymonovichlarning oila a’zolari holidan xabar olishib, dildan suhbatlar qurildi. O‘tganlarning ona vatan oldidagi xizmatlari yod etildi.
Yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash uchun o‘z jonlaridan kechgan mard va dovyurak o‘g‘lonlarning oila-a’zolariga 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram sovg‘alari hamda ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ulashildi.