"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokama asosida targ‘ibot qilindi
Joriy yilning 29 iyun kuni Muzrabot tumani hokimligida, Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun mohiyatiga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuv Muzrabot tumani faollari bilan o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyati Ichki Ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.S.Ismoilov boshchiligidagi mas’ullar tomonidan tashkil etilgan muhokama-munosabat ko‘rinishidagi tadbirda tuman faollari, faxriylar, xotin qizlar va yoshlar ishtirok etishdi. Dastlab Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bosh qomusimizdagi o‘zgarishlarning ahamiyati-yu dolzarbligi hususida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, xalqimiz tomonidan berilgan taklif va mulohazalar, shuningdek, prezidentimizning Komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Insonning qadr qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak!” tamoyili asosida berilgan takliflardan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi. O‘tkazilgan uchrashuvda ayni jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mavzuga doir taqdimotlardan so‘ng, ishtirokchilar ham so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy islohotlarning xalqimiz hayotidagi ahamiyatiga doir fikrlarni bildirishdi. Bildirilgan takliflarning tahlili xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganini ifodalaydi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Respublika Ichki Ishlar Vazirining topshirig‘iga asosan tasdiqlangan reja grafigi bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi boshliqlari o‘zlarining sektor hududlarida 5 iyulga qadar mana shunday muhokama-munosabat yig‘ilishlarini tashkil etishadi. Maqsad “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi-mening Konstitutsiyam!”-deb, yuksak g‘urur bilan aytaolishimiz uchun avvalo unda xalqimizning huquq va erkinliklari, farovon turmushi, eng muhimi inson qadrini yuksalishiga xizmat qiluvchi g‘oyalarni namoyon etishdir.
Bu jarayonda esa xalqimizdan ushbu islohotlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z so‘zini ayta oladigan faollik zarur bo‘ladi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati