Qumqo‘rg‘onda yo‘l-patrul xizmati xodimiga olti million so‘m pora taklif etgan haydovchi tezkor tadbirda qo‘lga olindi
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati YHXB yo‘l-patrul xizmati katta inspektori, safdor Sh.Sharipov va yo‘l-patrul xizmati inspektori, safdor A.Yuldashevlar tunda Qumqo‘rg‘on tumani Bog‘aro mahallasi hududida xizmat olib borayotganida “Neksiya-1” rusumli avtomashinani to‘xtatib, nazorat tartibida hujjatlarini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Shu payt yengil avtomashina haydovchisi Tojiboy Hamroev (ism-sharif o‘zgartirildi)dan spirtli ichimlik hidi kelib turganini sezgach, uni xizmat yuzasidan biriktirilgan alkotester moslamasi orqali tekshiruvdan o‘tkazadi. Moslama haydovchining alkogol mastlik holatida (0.598mg/L) ekanini aniqlaydi.
Mazkur holat bo‘yicha safdor A.Yuldashev amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 12-bandiga asosan haydovchi Tojiboy Hamroevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi 1-qismiga muvofiq elektron tarzda (planshetda) ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtiradi. Shundan so‘ng Tojiboy Hamroev safdor Sh.Sharipovdan o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomadagi huquqbuzarlikni bekor qilib, avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib bersa evaziga olti million so‘m pul ya’ni, pora berishini taklif qilgan. Safdor Sh.Sharipov huquqbuzar haydovchiga uning bu harakati jinoyat ekani va jinoiy javobgarlik mavjudligini tushuntirishiga qaramasdan Tojiboy Hamroev pora taklif qilishda davom etgan.
Ushbu holat bo‘yicha safdor Sh.Sharipovning tegishli bildirgisi asosida IIV ShXBB Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qumqo‘rg‘on tuman iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda T.Hamroev Qumqo‘rg‘on tumani Surxon sohili mahallasi hududida safdor Sh.Sharipov boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli xizmat avtomashinasining old yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirib, olti million so‘m pulni pora tariqasida bergan vaqtda tadbir ishtirokchilari qo‘liga tushgan.
Mazkur holat bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamentining Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini olib bormoqda.