13 Mart 2021 yil 521

Umumxalq hayriya hasharida ichki ishlar xodimlari ham faollik ko'rsatishdi

Yangilanish, yosharish fasli bahor fasli yurtimizga kirib kelishi bilan erta tongdan bobodehqonlarimiz qo'llariga ketmonlarini olishib, xalqimizning rizq nasibasini etishtirish ilinjida dalalarda ketmon urushadi. Daraxt kurtaklariga ko'z tikkan bog'bonlarimiz esa shirindan shakar mevalardan mo'l hosil olish uchun daraxtlarga shakllar berib, ularni har xil kasalliklarga chalinmasliklarining olidini olish maqsadida, daraxtlarga ishlovlar berishadi.
Bahor faslining ilk kunlarida "Navro'z" nafasining ifori dillarga quvonch va shodlik olib kelishi, odamlarning qalbini charog'on etadi. Bunday damlarda xalqimiz o'z yashash uylari, ko'chalari-yu, guzarlarini, supurib sidirishga, bahor yomg'irlarida hosil bo'ladigan suvlari ariq va zovurlarda ravon oqishi uchun ularni kovlab, har xil chiqindilardan tozalashga kirishadi.
Bu yumushlarni xalqimiz, birgalashib hashar uyushtirib uyushqoqlik bilan amalga oshirishadi.
Mamlakatimizda "Obod va ko'rkam mahallam" shiori ostida o'tkazilayotgan umumxalq hasharida, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar bo'limi xodimlari tomonidan ham xalq hashari erta tongdan uyushqoqlik bilan tashkil qilinib, barcha xodimlar o'z xizmat xonalaridan tortib, ma'muriy binolarning atroflarini supurib sidirishdi. Manzaralari daraxt va gullarga shakllar berilib, daraxtlar oqlandi, maydon va atrof hududlari begona o't-o'lanlardan, chiqindilardan tozalashdi.
Yoshi o'tib, o'z husnini yo'qotib qurib qolgan daraxtlar olib tashlanib, o'rniga yangi daraxt va gul nihollari ekildi.
Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish borasida, gigiena talablariga amal qilgan holda xodimlar sport bilan muntazam shug'ullanib kelayotgan futbol o'yingohi hamda sport majmuasida ham xashar uyushqoqlik bilan o'tkazilib, futbol maydoni chimlariga ishlov berilib, sport anjomlari va jihozlari alohida tozalanib yuvildi.
Viloyatimizning barcha hududlarida umumxalq hayriya hashari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech