18 May 2025 yil 634

Qumqo‘rg‘on tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organi xodimiga pora taklif qilgan yana bir shaxs jinoyat ustida qo‘lga olindi.

2025 yil 15 may kuni Qumqo‘rg‘on tumani IIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Angor tumanida yashovchi I.X.ning yonidan 3 dona salafan bo‘laklariga qadoqlangan sof vazni 11.35 gr giyohvandlik moddasini borligi aniqlanib, tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan, 2025 yil 16 may kuni fuqaro I.X. tezkor xizmat xodimining xizmat xonasiga kelib, holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmaslik va chora ko‘rmaslik evaziga o‘n ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qiladi.

Tezkor xizmat xodimi tomonidan I.X.ga bir necha marta pora olish va pora berish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida tushuntirgan bo‘lishiga qaramasdan, I.X pora taklif qilishda davom etadi.

Shundan so‘ng, tezkor xodim IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘iga ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan 2025 yil 16 may kuni soat 18-30larda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Departamentning Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.X o‘ziga nisbatan giyohvandlik holati bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar yuzasidan chora ko‘rmaslik evaziga tezkor xizmat xodimiga besh ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan fuqaro I.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Text to speech