20 Yanvar 2023 yil 357

Ulug‘bek Qosimov: “OAV – olib borayotgan ishlarimiz ijrosini nazorat qilishda eng yaqin ko‘makchimizdir!”

Mamlakatimiz bugun yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilmoqda. Ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib bormoqda. Barcha sohalarda ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish zaruratga aylangan. Bu esa o‘z navbatida ommaviy axborot vositalari va nashriyot-matbaa sohasini qo‘llab-quvvatlash, axborot xizmatlarini rivojlantirish, axborot-kutubxona markazlari faoliyatini yaxshilash bilan bog‘liq yangidan-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.

Hozirda viloyatimizda 37 ta gazeta va jurnal, 2 ta telekanal, 1 ta radiokanal, 4 ta veb-sayt, 13 ta respublika OAVning viloyat muxbirlari, 4 ta xususiy nashriyot, 2 ta bosmaxona, 58 ta matbaa korxonasi hamda 54 ta axborot xizmati faoliyat ko‘rsatmoqda. Sohada faoliyat olib borayotgan xodimlar soni 350 nafardan ziyodni tashkil etadi.

Bugun Surxondaryo viloyati xokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari va Axborot-kutubxona markazlari rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqot avvalida viloyat rahbari axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida mavjud muammolar, viloyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib, ommaviy axborot vositalari vakillari viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini nazorat qilishda eng yaqin ko‘makchi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, OAV vakillari har bir sohada jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi, joylardagi muammolarni olib chiqishi, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, soha vakillari bilan ochiq muloqot qilinib, ularni qiynab kelayotgan muammolar, sohani rivojlantirish borasidagi takliflar tinglandi. Jurnalistlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish, Axborot-kutubxona markazlarini zamonaviy, talab yuqori bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlash borasida chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mas’ullarga ochiq muloqot ishtirokchilari tomonidan ko‘tarilgan masalalarni batafsil o‘rganib chiqish va hal etish bo‘yicha vazifalar yuklanib, bunday ochiq muloqotlarni tez-tez tashkil etish to‘g‘risida topshiriqlar berdi.

Tadbir so‘ngida viloyatda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazishda faollik ko‘rsatayotgan jurnalistlar viloyat hokimligi tashakkurnomasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Text to speech