9 Sentyabr 2020 yil 766

Tizimda xizmat qilib kelayotgan yosh xodimlar va ularga biriktirilgan ustoz murabbiylari ishtirokida xizmat intizomi va Qonunchilik buzulishini oldini olish maqsadida uchrashuvlar o'tkazilmoqda

Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar, deydi dono xalqimiz. Chindan ham, hayotda qaysi sohada ishlamaylik, ustozlarning ko'magisiz yutuqlarga erisha olmaymiz. Ichki ishlar tizimida ham ushbu aqidaga amal qilinadi. Ya'ni tizimda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlarga tuman IIBlarida murabbiylar biriktirilgan bo'lib, ularga yo'l-yo'riq ko'rsatib, sohaning nozik sirlarini o'rgatib kelishmoqda.
Albatta, bu yaxshi amaliyot. Ammo, bugungi kunda mazkur jarayon hududlarda qanday yo'lga qo'yilgan? Ustoz-shogird an'anasi samara berayaptimi?
— Ushbu savollarga oydinlik kiritish maqsadida uzun, Sariosiyo,
Denov va Oltinsoy tumanlarida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar va ularga biriktirilgan murabbiylar bilan uchrashuv tashkil etdik, — deydi viloyat IIB kadlar boshqarmasi ma'naviy-tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya bo'limi yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, katta leytenant Bekzod Qurbonaliev. — Uchrashuvlarda xodimlar tomonidan xizmat intizomi va Qonunchilik buzilish holatlarini oldini olish, ular orasida salbiy illatlarga chek qo'yish kabi masalalar xususida so'z bordi. Misol tariqasida esa joriy yilda boshqarma xodimlari tomonidan sodir etilgan ayrim qonun buzilishi holatlari aytilib, boshqalar bunday xatoga yo'l qo'ymasliklari zarurligi ta'kidlandi.
Tadbirlar davomida yosh kadrlarga biriktirilgan murabbiylar faoliyati ham tanqid ostiga olinib, ish tizimini to'g'ri va tizimli tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ma'lumki, ichki ishlar tizimida ham kitobxonlikni targ'ib etish yaxshi yo'lga qo'yilgan. Hatto, tuman IIBlarida kutubxonalar ham tashkil etilgan. Shu bois, hududlardagi kutubxonalar faoliyati ham o'rganildi. Bira to'la yosh kadrlar zimmasiga esa har oy bittadan badiiy adabiyot mutolaa qilib borish vazifasi yuklatildi. Ayniqsa, Sariosiyo tuman IIB JKB tezkor vakili, leytenant Asomiddin Shafoatov tomonidan bildirilgan yosh xodimlar o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yinlarini tashkil etish haqidagi taklif ko'pchilik tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Bu xodimlarning o'z ustida ishlashi, kitobga alohida mehr uyg'onishiga ham yaxshigina turtki bo'ladi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech