Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik A.S.Ismoilovning bayram tabrigi
Muhtaram va qadrli tibbiyot xodimlari!
Avvalo Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda shifokor, degan sharafli nomni ulug‘lab kelayotgan barcha salomatligimiz posbonlarini kasb bayramingiz- Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.
Mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadri ulug‘lanib, har bir kishining hayotdan rozi bo‘lib yashashini taminlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiyot sohasida ham o‘z samaralarini bermoqda. Yangi O‘zbekistonda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmog‘i yaratilgani, tibbiy xizmatlarning sifati oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllangani ham bunga yaqqol dalildir.
Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi bu sohadagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq viloyatimizda ham yangi tibbiyot muassasalarini barpo etish, mavjudlarini tubdan rekonstruksiya qilib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, tibbiyot xodimlarining kasb malakalarini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Yurak qon-tomir kasalliklarini o‘zimizda davolash, buyrak, jigar translatsiyalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham so‘nggi yillarda «Barcha islohotlar inson qadri uchun!» degan ezgu tamoyil va sog‘liqni saqlash xodimlariga ko‘rsatilayotgan etiborning amaldagi samarasidir.
Aziz salomatligimiz posbonlari!
Sohada yuz berayotgan yangilanishlar asnosida viloyat ichki ishlar boshqarmasining tibbiyot bo‘limi, poliklinikasi va Denov tumanidagi filiali ham yildan-yilga takomillashib, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolariga xizmat ko‘rsatish sifati oshirilmoqda. Ta’mirlanib, salomatligimiz posbonlari uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
O‘z hayoti va umrini inson salomatligi hamda uning hayotini saqlab qolish yo‘lidagi g‘oyat mas’uliyatli va sharafli kasbga baxshida etgan tibbiyot xodimlari shu jumladan, ikki kasbni bir mas’uliyat bilan olib borayotgan Surxondaryo viloyati IIB Tibbiyot bo‘limida xizmat qilayotgan, har qanday vaziyatlarda ham xodimlar salomatligini asrash yo‘lida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan mohir shifokorlar va mutaxassislar, soha faxriylari hamda fidoiylari Sizlarni yana bir bor viloyat IIB shaxsiy tarkibi nomidan kasb bayramlaringiz bilan chin dildan tabriklab, mustahkam sog‘lik, tinchlik-xotirjamlik, mas’uliyatli va sharafli ishlaringizga ulkan zafarlar, xonadoningizga fayzu-baraka tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli tibbiyot xodimlari!
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ismoilov Abduvohid Salomovich