Termizda ko'chma huquq-tartibot maskani ishga tushdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2021 yil 12 fevral kuni o'tkazilgan ichki ishlar vazirligi hay'atining kengaytirilgan yig'ilishida jinoyat salmog'i oshgan mahallalarda "mahallabay" ishlash bo'yicha alohida topshiriq berilgandi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida, Termiz shahrining "Alpomish" mahallasida ko'chma "Mahalla huquq-tartibot maskani" tashkil etildi. Bu erda yashovchi aholi zich joylashgani uchun ham ushbu hudud tanlab olindi. Ayni paytda unda mahalla profilaktika inspektoriga qo'shimcha sifatida yana 5 nafar xodim biriktirilib, profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa huquq-tartibot maskanida kunu tun navbatchilik olib borilishiga imkon yaratadi.
Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o'rinbosari, general-mayor A.Ikrаmov yangi tashkil etilgan ko'chma "Mahalla huquq-tartibot maskani"ga tashrif buyurdi va maskanda faoliyat olib borayotgan xodimlarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati