Termizda, 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni ko'tarinki ruhda o'tkazilmoqda
O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14 - yanvar Vatan himoyachilari kuni Surxondaryo viloyatida ham katta ko'tarinkilik bilan nishonlanmoqda.
Bugun Termiz shahridagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum bo'ldi. Bu yerga Surxondaryo viloyati hokimligi, huquq-tartibot organlari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurishdi.
Tadbir ishtirokchilari harbiy orkestr musiqa sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo'yib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo'lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizni yod etishdi.
Shundan so'ng, harbiy xizmatchilar va huquqtartibot organlarining tantanali yurishi hamda qurol-aslaha va harbiy texnikalar paradi o'tkazilib, bayram ishtirokchilarining Vatanga bo'lgan muhabbatini yanada oshirdi.
Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlangan bayram tadbirlari vohamizning boshqa joylarida ham ko'taringi kayfiyatda o'tkazilishi davom etmoqda.