25 May 2023 yil 287

Termiz tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbiri bo‘lib o‘tdi

Bugun, 25-may kuni yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2022-2023 o‘quv yili yakunlanib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari jarang sochdi. Ushbu sana maktabni tamomlayotgan har bir o‘quvchi yosh uchun unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo‘ladi. Sababi yillar davomida ta’lim-tarbiya olgan jonajon maktablari, mehribon ustoz-murabbiylari, qadrdon sinfdoshlari bilan xayrlashib, katta hayot sari qadam qo‘yadi.

Bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari Surxondaryoda ham o‘ziga xos tarzda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Xususan, Termiz tumanidagi 5-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Abduvohid Ismoilov, tuman hokimi Shuxrat Nazarov hamda mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Shuxrat Nazarov yig‘ilganlarga Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirib, bitiruvchilarga o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi. Shundan so‘ng, Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.Ismoilov so‘zga chiqib, maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlarni tabrikladi. Ularga oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirib, talaba bo‘lish, shu yurtning rivoji uchun xizmat qiladigan kasbu korning egasi bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishida muvaffaqiyatlar tiladi.

Aytish kerakki, bugungi kunda viloyatda 965 ta ta’lim muassasalarida 11-sinfni 32 ming 886 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 752 nafari oltin va 161 nafari kumush medal sohibiga aylandi. Ushbu yoshlar yangi O‘zbekiston sharoitida zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta’lim-tarbiya olgan yosh avlod vakili sifatida davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanadi.

O‘tgan 6 yil mobaynida ta’lim sohasida katta islohotlar amalga oshirilib, tub burilish yasaldi. Jumladan, viloyatimizda ham ta’lim tizimida bir qator ishlar amalga oshirildi. Birgina Davlat umummilliy Dasturining qabul qilinishi maktablarda ta’lim sifati va sharoitlarni tubdan yaxshilanishiga omil bo‘ldi.

Misol uchun, Investitsiya, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Prezident tashrifi”ga asosan viloyatda 17 ta yangi maktab va 274 ta qo‘shimcha o‘quv-binolari qurildi. Natijada 91 ming 593 nafar o‘quvchi o‘rni tashkil etildi. Shuningdek, 741 ta maktablar 11,2 ming dona kompyuter jamlanmasi, 327 ta maktablar 31,6 ming dona parta-stul va 3,2 ming dona doskalar yetkazib berildi. Ushbu maqsadlar uchun budjet mablag‘lari hisobidan jami 122 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.

Hozirgi kunda, viloyatdagi 124 ta maktablarning atrofini to‘liq o‘rash uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan jami 4,3 mlrd ajratildi.

Bundan tashqari sport sohasida viloyatdagi umumta’lim maktablarida tahsil oluvchi o‘quvchi-yoshlar tomonidan ko‘plab yutuqlarga erishildi. Joriy yilda Jahon, Osiyo, Xalqaro, O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 59 ta oltin, 57 ta kumush, 122 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.

Bir yo‘la 5-umumta’lim maktabida shu kunga qadar erishilgan yutuqlar hamda ijobiy natijalar haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu ta’lim muassasasida, 2021-2022 o‘quv yilida 98 nafar o‘quvchilar maktabning 11-sinfini tamomlab, oliy ta’lim muassasalariga 28 nafari o‘qishga qabul qilindi. Qolgan o‘quvchilar kasb-hunar maktablariga o‘qishini davom ettiryaptilar va turli ishlab-chiqarish korxonalarida o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. 2022-2023 o‘quv yilida esa, 82 nafar o‘quvchilar maktabning 11-sinfini tamomlab oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mustaqil hayotga qadam qo‘yadilar.

Joriy yil bitiruvchilaridan 4 nafari O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy bilim yurtlariga hujjat topshirishdi. Qolaversa, bu yil fan olimpiadalarida o‘quvchilar faol qatnashib, 7 nafari tuman bosqichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichida faol ishtirok etdilar.

Eng quvonarlisi, maktab o‘quvchilarining sport yo‘nalishida ham viloyat va Respublika turnirlarida faol qatnashib, O‘zbekiston chempionlari bo‘lib kelishmoqda.

Ushbu natijalar haqida so‘z yuritar ekan, A.Ismoilov o‘quvchi-yoshlarga maktab dargohida olgan bilim va ko‘nikmalarini yanada shakllantirib, bor kuch-g‘ayratini jonajon vatanimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishlari lozimligini aytib o‘tdi.

Tadbir davomida viloyat IIB boshlig‘i tomonidan maktabni a’lo baholarga tamomlagan 10 nafar o‘quvchining ota-onalariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari, 4 nafar o‘quvchiga esa erishgan yutuqlari uchun faxriy yorliq hamda kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

Text to speech