18 Noyabr 2021 yil 477

Termiz tumanida "Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining mevali daraxtlar bog'i" yaratildi

Bugungi kunda dunyo ahlini tashvishga solayotgan global muammolardan biri ekologiyaning buzilishidir.
Shu boisdan O'zbekiston Respublikasida ham ekologik vaziyatni yaxshilash, bu orqali iflos gaz va havolarni tozalash, aholining salomatligini yaxshilash maqsadida, Prezidentimiz tashabbusi bilan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimiz bo'ylab qator, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida, Surxondaryo viloyatida ham manzarali, mevali daraxt va buta nihollarini ekish orqali iqlim sharoitlarini yaxshilash borasida samarali ishlar yo'lga qo'yildi.
Buning birgina misoli sifatida, Surxondaryo viloyatining 3-sektor hududlari hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni keltirishimiz mumkin.
Ayniqsa, yovvoyi o't-o'lan bosib, tashlandiq holga kelib qolgan, qarovsiz yotgan yerlarni o'zlashtirish orqali ushbu maskanlarda manzarali va mevali bog'yaratish maqsad qilib olindi.
Bunda esa, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, 3-sektor rahbari polkovnik Abduvohid Ismoilovning tashabbuskorligi va puxta o'ylangan rejasi hamda g'oyasi asosida ishlar tashkil qilindi.
3-sektor hududlarida aholi tomonidan mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini ekish ishlari qizg'in tus oldi. Bir kunda bir yarim mingdan ziyod ko'chatlar ekilishi tashkil etilib, shu kunga qadar qariyb 9000 tup ko'chatlar ekildi. Bunda mevali 2864 ta, manzarali 4000 dan ziyod, butalar oilasiga mansub bir yarim mingdan ziyod ko'chatlar yerga qadaldi.
Hududda istiqomat qilib kelayotgan aholi xonadonlariga 1500 dan ziyod, xizmat binolari va ularning atrof hududlariga 1400 dan ziyod, ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan yashil massivlarda 2000 ga yaqin, ichki ishlar binolarida 500 ga yaqin, profilaktika inspektorlari xizmat uylari va ularga biriktirilgan xizmat hududlarida 1000 dan ziyod, ichki ishlar organlari xodimlariga biriktirilgan mahalla va boshqa joylarga 2000 dan ziyod mevali va manzarali daraxt ko'chatlari ekilishiga erishildi. Bu boradagi ishlar esa, viloyat 3-sektorining barcha hududlarida qizg'in davom ettirilmoqda.
Bundan tashqari, vohada xizmat qilib kelayotgan har bir ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylari tomonidan ham mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini yerga qadash orqali tabiatimizning chiroyiga-chiroy qo'shish, iqlim ob-havosining tozaligini asrash va yanada yaxshilash tashabbusi yo'lida ham maqtanishga arzigulik ishlar qilindi-desak, mubolag'a bo'lmas.
Buning yorqin misoli sifatida, raqamlarga tayanadigan bo'lsak tadbir boshidan shu kunga qadar jami 8000 ga yaqin ko'chatlar ya'ni; mevali 3500 ga yaqin, manzarali 3000 dan ziyod hamda 1000 ga yaqin butalar qadaldi va bu boradagi ishlar ham qizg'in davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati 3-sektor hududiga qarashli Termiz tumanining "Ayritom" mahallasi hududida yovvoyi o't-o'lanlar bosib changalzorga aylangan qarovsiz bo'lgan qariyb 6 gektar yer maydoni viloyat ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xizmat xodimlariga taqsimlanib berilishishi natijasida, ushbu tashlandiq yer tez fursatlarda yovvoyi o't-o'lanlardan tozalandi, qishloq xo'jaligi va boshqa texnikalar yordamida kerakli ishlovlar berilib, yangi "ichki ishlar bog'i" yaratilishi uchun yer hozirlandi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tayyorlangan yerga esa, 5 turdagi mevali daraxt nihollarini qadash uchun bog'dorchilikka ilmiy yondoshilgan holda olma-1000 ta, olxo'ri-500 ta, shaftoli-500 ta, mahalliy yong'oq-400 ta, 620 tup o'rik nihollari hamda 1000 dan ortiq manzarali archa ko'chatlari olib kelindi.
Ma'lumot o'rnida qayd etish lozimki, 1 yilda 1 gektar bog' 6 tonna kislorod chiqarib, 8,5 tonna karbonat angidrid gazini yutadi. Bu esa ekologiyaning tozaligi va musaffoligini yaxshilashga xizmat qilishi tabiiy.
Kuni kecha ushbu tashkil etilayotgan "Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining mevali daraxtlar bog'i"ga yaxshi niyat va ezgu tilaklar bilan ilk nihollarni yerga qadash uchun Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov, viloyat IIB boshlig'i polkovnik Abduvohid Ismoilov va boshqa huquq-tartibot idora hamda tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.
Yangi bog' barpo etish uchun tashrif buyurgan tadbir ishtirokchilari ezgu tilaklar bilan nihollarni birin ketin ekishdi. Nihollarni ekish jarayonlarida ko'chat ekayotganlar o'zlarida kelajakka yangicha ishonch, yangicha kuch va shijoat hissi paydo bo'lganligini ta'kidlashdi.
Shuningdek, bugun O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig'ining maslahatchisi general-leytenant Bahodir Ahmedovich Matlyubov boshchiligida vohaga xizmat safari bilan tashrif buyurgan mehmonlar ham ushbu boqqa yangi nihollarni yaxshi niyatlar bilan ekishga qo'l urishdi. Bog'ning joylashgan sharoitlari-yu, unumi bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu bog'ni barpo etish borasidagi ishlar jadallik bilan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan davom ettirilmoqda, bunda esa mutaxassis bog'bonlar yordamlarini ulashmoqda.
Yuqoridagi amalga oshirilayotgan ezgu ishlar nafaqat tabiatimizning musaffoligini asraydi, balki aholimizning ho'l mevalarga bo'lgan ehtiyojini to'ldirib, bozor iqtisodiyotiga ham o'z hissasini qo'shishiga imkon beradi.
Ichki ishlar organlari xodimlari "Daraxt ekish bo'yicha dolzarb 40 kunlik" aktsiyasida faol ishtirok etib, hududlarni yashil makonga aylantirishda tashabbus ko'rsatishi davom etmoqda.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech