Termiz tumanida Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish hamda ijobiy yechim topish maqsadida “Sayyor qabul” o‘tkazildi.
Muhtaram Prezidentimiz
tashabbuslari bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida, aholini muammolarini
o‘rganish va ularga ijobiy yechim topish, fuqarolarni bugungi kunidan rozi qilish
maqsadida joylarda sayyor qabullar tashkil etib kelinmoqda.
Ana shunday qabullarning
navbatdagisi Termiz tumanidagi Madaniyat bo‘limi binosida tumandagi 3-sektor hududida
istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati
IIB boshlig‘ining “Sayyor qabuli” bo‘lib o‘tdi.
Ushbu sayyor qabulda
tuman sektor rahbarlari, mas’ul korxona va tashkilot xodimlari fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini
yo‘lga qo‘yish, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, moddiy yordam olish, kontrakt
to‘lovini to‘lash, ishga tiklash, sog‘ligini yaxshilash, probatsiya nazorati hisobidan
chiqarish, ichki yo‘llar ta’miri, tergovga qadar tekshiruv va boshqa bir qator masalalardagi
yigirmaga yaqin murojaatlari tinglandi.
Murojaatlarning
asosiy qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, ba’zi murojaatlar yuzasidan
tushuntirishlar berildi. Ijrosini o‘rganish uchun qo‘shimcha muddat talab qiladigan
murojaatlar mas’ullarga yo‘naltirilib, boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida nazoratga
olindi.
Shuningdek “Sayyor qabul” yakunida 16 yoshga to‘lishi
munosabati bilan 3-nafar o‘quvchi yigit-qizlarga ID kartalar boshqarma boshlig‘i
tomonidan tantanali ravishda topshirildi.