Termiz tumanida sodir etilgan qotillik jinoyati muhokama qiliindi
Bugungi kunda davlatimiz rahbarining bergan topshiriqlariga ko'ra, har bir sodir etilgan hodisa va jinoyat sektor rahbarlari, tegishli tashkilot, huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda fuqarolar bilan birgalikda muhokama etilmoqda. Albatta, bu kabi muhokamalarda jinoyatning sabab va omillari, oqibatlari tahlil qilinar ekan, bundan boshqa shunday holat sodir etilmasligining oldini olish, umuman jinoyatchilikni jilovlash uchun bu borada aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadi ko'zlangan.
Yaqinda, Termiz tumanidagi "Soliobod" mahallasida sodir bo'lgan jinoyat bir insonning umriga yakun yasadi. Bunday noxush voqea ko'pchilikning ko'zini ochishi, uning qanday ayanchli oqibat bilan yakunlangani, e'tiborsizligimiz saboq bo'lmog'i kerak. Shuning uchun ushbu jinoyat muhokamasi ham keng jamoatchilik ishtirokida qotillik jinoyatini sodir etgan shaxsning mahallasi hududida o'tkazildi.
Termiz shahridagi Ro'zi Choriev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o'tkazilgan muhokama yig'ilishida viloyat IIB boshlig'i, polkovnik A.Ismoilov, Termiz shahar xokimi I.Xudoyberdiev, Termiz shahar IIB boshlig'i podpolkovnik A.Normamatov, Termiz tumani IIB boshlig'i podpolkovnik, M.Amanto'raev, tuman DSI boshlig'i E.Djo'raqulov, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla raislari va profilaktika inspektorlari ishtirok etishdi.
Dastlab, yig'ilishda so'z olgan polkovnik A.Ismoilov 2021 yil 17 dekabr kuni soat 08:00 larda, Termiz shahar "Bog'ishamol" mahallasida yashovchi A.O. o'ziga oldindan tanish bo'lgan, Termiz tuman "Soliobod" mahallasida yashagan, Termiz shahrida joylashgan "Guanjua" klinikasida "operator" bo'lib ishlagan Aziza B.ning yashash mahallasiga kelib, u bilan rashk sabab o'zaro janjallashib, janjal davomida o'zi bilan olib kelgan qora dastali oshxona pichog'i bilan ko'krak soxasiga bir necha marotaba sanchib olganligi natijasida Aziza.B shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining Surxondaryo viloyat filialiga olib borilayotgan vaqtda vafot etganligini ma'lum qildi.
Mazkur jinoyatni tergov qilish jarayonida jinoyatni sodir bo'lishiga sabab bo'lgan shart-sharoitlar ayblanuvchining yashash manzilidagi mahalla fuqarolar yig'ini tomonidan bir qator chora-tadbirlar o'z vaqtida lozim darajada o'gkazilmaganligi, ushbu omillar jinoyat sodir etilishiga shart-sharoit yaratib berganligini ta'kidlab o'tdi.
Shundan so'ng, Termiz shahar IIB boshlig'i podpolkovnik A.Normamatov hamda Termiz tuman IIB boshlig'i podpolkovnik M.Amanto'raevlar kelgusida bunday salbiy holatlarga yo'l qo'ymaslik uchun chora-tadbirlar belgilab olinganligini bildirib o'tdi.
Shuningdek, so'zga chiqqan "Soliobod" MFY raisi M.Sayridinov, tuman IIB boshlig'i birinchi o'rinbosari podpolkovnik B.Esanov, tuman prokurori B.S.Oltiboev, tuman DSI boshlig'i E.Djo'raqulov, mahalla faollari hamda jinoyat sodir etgan A.O.ning yaqin qarindoshlari, qo'ni-qo'shnilari o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Muhokama so'ngida, sodir etilgan jinoyatga imkon bergan shart-sharoitlar bartaraf etish, hudud profilaktika inspektori bilan hamkorlikda mahallada yashovchi har bir fuqaroni nima ish bilan shug'ullanayotganligini, turmush-tarzini o'rganib borilishini, qaytadan jinoyat sodir etishga moyil bo'lgan hamda xulq-atvori salbiy tomonga o'zgargan shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan ta'sir choralarini ko'rish bo'yicha yig'ilish qarori qabul qilindi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati