9 May 2022 yil 246

Termiz shahridagi Xotira maydonida ajdodlarimiz yodga olindi.

Inson uchun tinchlik bebaho ne’matdir. Osoyishtaligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Shundanmi o‘zbek xalqi azal-azaldan tinchliksevarlik targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosga ega. 9 may sanasini Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi. Termiz shahridagi Xotira maydonida ham bugungi nurafshon xotirjamlikni bizga baxshida etgan ajdodlarimiz yodga olindi.
Viloyat xokimligi va huquqtartibot organlari, vatan himoyachilari jam bo‘lgan maydon uzra harbiy orkestr tomonidan g‘alaba va xotira kuylari sadosi ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Garchi qaddi bukilgan bo‘lsada, bugungi yorug‘ kunlardan, tinchlik va osoyishtalikdan, atrofi gulchambarlarga to‘lib, go‘yoki parishon onaning huzuri bayramona ko‘rinish oldi.
Tadbirda Vatan himoyachilari xotirlanib, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasi keltirildi.
Ona Vatan oldida ajdodlar xizmati e’tirof etilib, ularning ruhi yodga olindi. Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati
Text to speech