Termiz shahrida odamlarga uy olib berishni va'da qilgan firibgar ayolga jinoyat ishi qo'zg'atildi
Termiz shahrida 2021 yil 12 oktabr kuni shaharning "Bog'zor" mahallasida yashovchi, R.Salomat (ism shariflar o'zgartirilgan) viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda shaharning "Eski shahar" mahallasida yashovchi, R.Imona shaharning "Guliston" mahallasida kam ta'minlangan oilalarga qurilayotgan uylardan xonadon sotib olishda yordam berishini aytib, undan 1.000 (bir ming) AQSh dollar pul talab qilayotganligini bildirgan. Ushbu ariza yuzasidan 13 oktabr kuni o'tkazilgan tadbir davomida, R.Imona Termiz shahridagi shifoxona yonida, R.Salomatdan talab qilgan 1.000 AQSh (bir ming) dollaridan 600 (olti yuz) AQSh dollari va 2.130.000 (ikki million bir yuz o'ttiz ming) so'm pullarini olgan vaqtida ushlangan va ashyoviy dalil olingan. Bundan tashqari R.Imona 4 nafar fuqarolardan jami 4.247.000 (to'rt million ikki yuz qirq yetti ming) so'm pul va 4.500 (to'rt ming besh yuz) AQSh dollari pullarni olganligi aniqlangan. 13 oktabr kuni R.Imonaga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati