2 Avgust 2023 yil 152

Termiz shahar IIBda muqaddam sudlangan shaxslar ishtirokida profilaktik uchrashuv tashkil etildi.

Xabaringiz bor joriy yilning 28 iyul kuni Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, huquq tartibot sohasidagi ishlarni tahlil qilib, kelgusidagi vazifalarni belgilab berdilar.

Belgilab berilgan vazifalar asosida, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli farmoyishi ishlab chiqilib, viloyat hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar reja asosida tashkil etilib, shahar-tuman hududlari, mahallalar mas’ullarga biriktirilib, ularning oldiga qator vazifalar yuklatildi.

Aytish kerakki, jamiyatimizda muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat soni keskin oshib bormoqda. Shu bois muhtaram prezidentimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga shu toifadagi fuqarolar bilan individual ishlash vazifasini qo‘ydilar.

Aynan shu maqsadda, viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Tursunovga biriktirilgan Termiz shahar IIBda tashkil etilgan navbatdagi profilaktik tadbirda muqaddam sudlangan shaxslar ishtiroki ta’minlandi. Muloqotlar jarayonida jinoyatchilik bilan bog‘liq ma’lumotlar ochiqlandi. Ishtirokchilarning masala va muammolari tinglandi, yechimi bo‘yicha choralar belgilandi. Shu asnoda, tadbirdan ko‘zlangan maqsad va muddao yetkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 6 oyi davomida Termiz shahar hududida 91 ta jinoyatlar muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ayni kunlarda Davlat rahbarining topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, Termiz shahri hududidagi 37 ta mahallalarda Ichki ishlar organlari xodimlari xonadonma xonadon yurib, “xonadonbay” jinoyatchilik va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rishmoqda. Maqsad jinoyatchilikdan holi hududni va jamiyatni shakllantirishga qaratilgan.

Text to speech