20 Iyul 2024 yil 500

Termiz shahridagi San’at saroyida “Kiber madaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida gala konsert dasturi tashkil etildi.

Kiber jinoyat bugungi kunning millat, davlat, jamiyatga xavf solayotgan dolzarb muammolardan biri ekani hech kimga sir emas. Bu raqamli elektron muhitning rivojlanayotgani sayin ortib bormoqda-desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy yilning 1-iyulidan 31-iyuliga qadar mamlakatimizda “Kiber madaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilingan.

Mazkur oylikni keng qamrovda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, viloyatimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan tadbirlar, uchrashuvlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari, tanlovlar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor qidiruv departamenti Kiber xavfsizlik markazi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiber xavfsizlik bo‘limi, Termiz shahar IIB tomonidan viloyat markazidagi muhtasham San’at saroyida gala konsert dasturi namoyish etildi.

Ochiq osmon ostida bo‘lib o‘tgan bayram dasturida eng avvalo, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati tomonidan otaliqqa olingan yoshlar, ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar, voha aholisi hamda konsert dasturiga tashrif buyurganlarga viloyat IIB xodimlari tomonidan kiber jinoyatlar qurboniga aylanib qolmaslik xususida muhim va kerakli ma’lumotlar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, aholining kiber madaniyatini yuksaltirish, har qanday chaqiriq, aldovlarga ishonmaslikka chaqirildi. Keyingi navbat qiziqarli o‘yinlar, savol-javob shartlariga berildi va faol ishtirok etganlar IIB tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Konsert dasturi davomida, viloyatimizda faoliyat yuritayotgan elimiz ardog‘idagi san’atkorlar tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat uyg‘otdi. Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi, aholiga madaniy xordiq bag‘ishlash bilan bir qatorda, ularda kiber madaniyatni shakllantirishga ham xizmat qilgan bo‘lsa, ajab emas.

Text to speech