Tergov boshqarmasi va uning quyi bo‘linmalari xodimlari kiberxavfsizlik sohasini o‘zlashtirganlik bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘lishdi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining ko‘rsatmasiga asosan, 2022 yilning 14-sentabr kunidan 24-dekabr kuniga qadar Termiz shahrida joylashgan “IT Park” markazida Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi bo‘linmalarining 9 nafar xodimlari bilan “kiberxavfsizlik” sohasida 72 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etilgan edi.
Mazkur o‘quv kurslari davomida xodimlarga hozirgi kunda sodir bo‘layotgan kiberjinoyatlarning sabab va sharoitlari, ularning oldini olish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
O‘quv mashg‘ulotlari yakuniga ko‘ra Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Iqboliddin Ketmonov hamda “IT Park” markazi mutaxassislari tomonidan tergovchi va surishtiruvchilarga o‘quv kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.