22 Oktyabr 2021 yil 1197

Surxondaryoda, YHXB ro'yxatdan o'tkazish va imtixon olish bo'limi barcha sharoitlarga ega bo'lgan yangi binoda ish boshladi

Bundan 30 yil oldin viloyat IIB yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro'yxatdan o'tkazish va imtihon olish bo'limi faoliyat yuritadigan binosi hashar yo'li bilan qurilgan edi. Albatta, eski binoda etarlicha sharoitlar bo'maganligi sababli fuqarolarni qabul qilish, kutib turishi hamda to'lovlarni amalga oshirishda bir qator noqulayliklar mavjud edi. Biroq endi mazkur bino mutlaqo zamonaviy ko'rinish kasb etdi.
Viloyat IIB rahbariyatining tashabbusi bilan viloyat IIB yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi balansidagi sobiq "Termiz" muntazam YPX maskanini ro'yxatdan o'tkazish va imtixon olish (RO'vaIO) bo'limiga aylantirish ishlari olib borildi. Ta'mirlash va qurilish ishlariga IIVning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan jami 3 mlrd. 593 ming so'm mablag' ajratilgan bo'lib, fuqarolarga qulay sharoit va xodimlarning xizmatni olib borishlari uchun bino 137 mln. 650 ming so'mlik mebel jixozlari, 64 mln. so'mlik maishiy texnika (televizor, kondisioner, xolodilnik va x.z), 276 mln.750 ming so'mlik kompyuter va orgtexnika vositalari bilan jihozlandi.
Bugun ana shu zamonaviy binoning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi T.A.Bobolov, ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik A.S.Ismoilov, huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari, ichki ishlar organlari xodimlari, shahar hokimi, faxriy mehmonlar hamda keng jamaotchilik vakillari ishtirok eshtirok etdi.
Tadbirda ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilayotgani, sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli ekani qayd etildi.
Tadbir davomida, 2021 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o'tkazilgan Parathekvondo bo'yicha XVI yozgi Paralimpiya o'yinlarida sportning taekvondo turi bo'yicha oltin medalni qo'lga kiritgan, parathekvondo bo'yicha ikki karra jahon chempioni Guljanoy Naimovaga avtomashinasi uchun ilk davlat raqam belgisi viloyat hokimi T.A.Bobolov hamda viloyat IIB boshlig'i polkovnik A.S.Ismoilovlar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan tanishdi.
Majmuada 2 ta transport vositalari turargohi va fuqarolarga xizmat ko'rsatish uchun ma'muriy bino ham mavjud bo'lib, yangi binoda fuqarolarning kutib turishlari uchun zamonaviy texnologiyalar, mebellar va televizorlar bilan jihozlangan kutish zali, to'lovlarni joyida amalga oshirish uchun kassa, haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir vaqtning o'zida 25 nafar nomzodlardan test sinovlari olish uchun mo'ljallangan zal, haydovchilik guvohnomasi uchun fotosuratga olish uchun mo'ljallangan maxsus xona, xodimlar uchun oshxona va yuvinish xonalari mavjud.
Qolaversa, xodimlarga ham 5 ta zamonaviy kompyuter jamlanmalari ajratilgan.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech