16 Aprel 2022 yil 512

Surxondaryoda, Ma’naviyat oyligi doirasida, ma’rifat va madaniyat xodimlari bilan uchrashuv tashkil qilindi

Joriy yilning 15 aprel kuni Termiz shahridagi Matbuot uyi binosida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlarida e’lon qilingan ma’naviyat oyligi doirasida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” shiori ostida “ma’naviyat insonni ulug‘lovchi kuch” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Nargiza Raxmatullayeva, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori, sahna ustasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Homit Oripov, Surxondaryo viloyati madaniyat xodimlari hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni Ichki ishlar boshqarmasi Ma’naviy ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari mayor Xusan Nurmatov ochib berib, tadbir ishtirokchilariga mehmonlarni tanishtirdi.

Tadbirda so‘z olgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i N.Raxmatullayeva tadbir ishtirokchilariga ma’naviyat haqida o‘zining keng qamrovli tushunchalari bilan o‘rtoqlashib, qator ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori, sahna ustasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, X.Oripov yig‘ilganlarga o‘zining boy hayotiy tajribasini ulashib, bugungi kunda Ichki ishlar organlari xodimlari yuksak ma’naviyat egasi ekanliklarini, sohada ma’naviyatga, madaniyat sohasiga qaratilayotgan e’tibordan boshi osmonga yetganini ta’kidlab, tadbir ishtirokchilariga Amir Temur sahnasidan parcha ijro etib berdi.

Shundan so‘ng 15 aprel O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan tadbirga taklif etilgan madaniyat xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklash maqsadida, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining madaniyat sohasi vakillariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirilib, Ichki ishlar boshqarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Ichki ishlar organlari hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, xodimlarning ma’naviyatini yanada yuksaltirish hamda yuksak fazilatli qilib tarbiyalashdan iboratdir.

Ma’naviyat oyligi doirasida bir qator tadbirlar jumladan “Zukko kitobxon”, “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech