Surxondaryoda "mahallabay" usuli qay darajada yo'lga qo'yilgani IIV ishchi guruhi tomonidan o'rganib chiqildi
Ma'lumki, respublikamizda "mahallabay" usuli keng tadbiq etilib, jinoyatchilikni o'z vaqtida jilovlashning yangi imkoniyatlari yuzaga keldi. Bu boradagi ishlarni qay darajada bajarilayotganini o'rganish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po'lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyatida o'rganishlar olib bordi.
Ishchi guruh a'zolari uch kichik guruhlar tarkibida viloyatning tuman-shaharlarida bo'lib, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlarning amaldagi ijrosini nazorat qilib, uning natijalari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur o'rganishlar davrida aholini qiynayotgan muammo va masalalarga alohida urg'u berildi.
Xususan, Po'lat Bobojonov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 2021 yil 12 fevralda ichki ishlar vazirligi Hay'atining kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan yig'ilishida berilgan topshiriqlari jrosi bo'yicha amalga oshirilgan ishlarni ko'rish maqsadida, Sariosiyo tumanini "namunaviy xavfsiz hudud"ga aylantirish dasturi asosida IIB binosida tashkil qilingan Situasion markaz faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Termiz shahridagi "Tuproqqo'rg'on", "Alpomish", Jarqo'rg'ondagi "Markaziy Surxon" mahallalarida tashkil etilgan "huquq-tartibot maskan"lari hamda Sariosiyo, Sho'rchi, Denov va Qumqo'rg'on tumanlari ichki ishlar organlari faoliyati ko'rib chiqilib, sektor rahbarlariga topshiriq va ko'rsatmalar berildi.
Ishchi guruh tashabbusi bilan viloyatdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida, maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o'tkazildi. Tadbirlar davomida 44 ta jinoiy va 565 ta ma'muriy holatlar aniqlandi, 25 nafar Qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 13 ta jinoyatlar fosh etildi, 44 dona o'q otar qurol va 231 dona o'q-dorilar ixtiyoriy ravishda topshirildi. Yo'l harakati xavfsizligi yo'nalishi bo'yicha o'tkazilgan "maxsus avtoreyd" tadbiri davomida 4 650 ta qoidabuzarliklar aniqlangan bo'lib, shundan 3 541 tasi qo'pol qoidabuzarliklar hisoblanadi, 1 349 ta avtomashina jarima maydoniga joylashtirildi, yo'lovchilarni noqonuniy tashigan 396 nafar haydovchilar javobgarlikka tortildi.
Albatta, har qanday sa'yharakat samarasi uning natijalariga borib taqaladi. Ishchi guruh tomonidan joylarda aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari viloyat va tuman-shahar ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan yig'ilishda tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, aksariyat tuman-shaharlarda profilaktika inspektorlari faoliyatini raqamlashtirish va xizmat olib borish hamda yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar to'liq bajarilmagani aniqlandi. Shuningdek, doimiy e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan shaxslar bilan manzilli profilaktik tadbirlar talab darajasida olib borilmaganligi ta'kidlab o'tildi. Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilik va ijtimoiy xavfli jinoyatlarning barvaqt oldini olishdagi tadbirlarga kerakli e'tibor berilmayotgani hamda ayrim mas'ul rahbarlarda bu borada tashabbus yetarli emasligi ta'kidlandi. Yo'llarda harakat xavfsizligini ta'minlash, harakatlanish madaniyatini shakllantirish va qo'pol qoidabuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan maqsadli ogohlantiruv va nazorat-tekshiruv tadbirlari o'z vaqtida olib borilmaganligi tanqid qilindi.
Yig'ilishda, xizmat faoliyatida jiddiy kamchilikka yo'l qo'ygan 28 nafar rahbar va xodimlar intizomiy javobgarlikka tortildi. Jumlandan; 2 nafar xodim ichki ishlar organilaridan bo'shatildi, 14 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 1 nafari lovozim maoshining 30% miqdorda jarima, 3 nafari "qattiq hayfsan", 2 nafari "hayfsan" va yana 6 nafariga boshqa choralar ko'rildi.
Aksincha, o'z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib, hamkasblariga o'rnak bo'layotgan 31 nafar xodimlar rag'batlantirildi.
Yashash manzilidan olisda xizmat qilayotgan va uzoq masofadan xizmatga qatnab kelayotgan 5 nafar xodimlarning oilaviy sharoitlarini inobatga olinib, yashash joylariga yaqin hududga rotasiya qilindi. Viloyatdagi bo'sh bo'lgan 10 ta rahbarlik va 1 ta xizmat inspektori lavozimlariga ko'p yillik tajribaga ega, yuqori malakali nomzodlar tayinlandi.
Yig'ilish yakunida, viloyatda aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va jinoyatchilikni "mahallabay" jilovlash ishlarini yanada kuchaytirish hamda xodimlar o'rtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishini nazorat qilish bo'yicha vazir tomonidan topshiriq va ko'rsatmalar berildi.
Shuningdek, shu kuni Surxondaryo viloyati hokimligi va huquqni-muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda boshqa davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida kengaytirilgan yig'ilish bo'lib o'tdi. Yig'ilishda, viloyatda jinoyatchilikni jilovlash borasida aniqlangan muammoli masalalar sektorlar kesimida muhokama qilindi.
Tuman-shahar sektor rahbarlari tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyati og'ir 50 ta mahallalarda nizoli oilalar hamda aholining "muammoli toifalari" bilan ishlash bo'yicha 3 va 4-chorakka mo'ljallangan "mahallabay" dasturlarni ishlab chiqishda yo'l qo'yilgan kamchiliklar tanqid qilindi.
Kiber makonda sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va tergov qilish amaliyotidan kelib chiqqan holda Surxondaryo viloyatida aniqlangan muammoli masalalarni "mahallabay" usulida hal etish bo'yicha har bir mas'ul rahbar uchun belgilangan vazifalarning ijrosini amalda ta'minlash va bu borada tizimli nazorat o'rnatish hamda huquq-tartibot idoralari o'rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha viloyat 4 ta sektor rahbarlariga kerakli topshiriq va ko'rsatmalar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborotxizmati.