27 Sentyabr 2021 yil 529

Surxondaryoda Butunjahon turizm kuni keng nishonlanmoqda

Bayram shodiyonalari erta tongdan viloyat tumanlari va va Termiz shahrida velomarofon bilan boshlandi. Jumladan, Termiz shahrida velomarofon ishtirokchilari Sulton Saodat majmuasidan Qirqqiz obidasigacha bo'lgan masofoni bosib o'tib, yurtimizning sayyohlik salohiyati va sog'lom turmushni targ'ib qildi.
Sho'rchi tumanidagi 9-maktab direktori Ulug'bek Isaev boshchiligida 8 - nafar o'quvchi velosipedda yo'lga chiqib, sakkiz soatda Termiz tumanidagi Hakim Termiziy ziyoratgohiga etib keldi.
-O'quvchilar bilan tunda yo'lga chiqqan edik,-deydi u. Isaev.-Vilosipedda 150 kilometr yo'l bosishning o'zi bo'lmas ekan. To'g'risi, biz manzilga to'rt soatda etib olishni mo'ljallagan edik. Jismonan chaqqon, sog'lom, ruxan tetik bo'lsangiz velosipedda uzoq yo'l bossangiz ham charchoq sezilmaydi. Eng muhimi biz velosipedda ziyoratga borishning o'zgacha zavqini chuqur his etdik. Butunjahon turizm kunida buyuk ajdodimiz Hakim Termiziy mangu qo'nim topgan sokin go'shani ziyorat qilganimizdan xursandmiz.
Viloyatda Butunjahon turizm kuniga bag'ishlangan turli tadbirlar davom etmoqda. Ayni paytda Termiz shahridagi Qirqqiz qal'asi yodgorligi, Boysun tumani Omonxona ziyoratgohi, Sariosiyo tumani Sangardak turizm ob'ektlarida "musaffo turizm" ko'ngillilar aktsiyasi o'tkazilib, yirik hajmdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Aktsiya ishtirokchilari bu tadbirni har oyning birinchi shanbasida o'tkazishga kelishib oldi.
Tadbir doirasida Termiz arxeologiya muzeyi va Termiz davlat muzey-qo'riqxonasida madaniy tadbir hamda "ochiq eshiklar kuni" o'tkaziladi. 12-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining Termiz shahridagi muzeylarga sayohati uyushtiriladi. Termizliklar va mehmonlar Termiz shahridagi "Bolajon" bog'i va Muzsaroy oralig'idagi maydonda ham qiziqarli tadbirlarga guvoh bo'ladi. Hunarmandlar va muzeylar ko'rgazmalari ham ishtirokchilarda boy taassurot qoldiradi.
Kechki payt soha vakillari ishtirokida turizm sohasi fidoyilariga fahriy yorliq va esdalik sovg'alar topshiriladi. Ishtirokchilarga turizm logotipi tushirilgan nishon va bayroqlar ulashiladi.
Shuningdek, turizm savodxonligi bo'yicha "TV viktorina" o'tkazish, milliy liboslar ko'rgazmasini tashkil etish, folklor etnografik ansambllarning qiziqarli kontsert dasturlarini namoyish etish rejalashtirilgan.

Text to speech