19 Noyabr 2021 yil 790

Surxondaryo viloyati IIBda "Uch avlod uchrashuvi" bo'lib o'tdi

O'tmish va tarix-bu ikki so'z o'zining qamroviga juda katta ma'nolarni mujassam etgan. O'tmish va tarixsiz kelajakni barpo etish, kelajakka intilish mushkul ekanligini barcha birdek anglaydi va biladi. O'tmish va tarixni yodga olib, u bilan har doim suhbatlashsak, ularning nasihatiga quloq tutsak, kelajakda maqsad qilgan yuqori marralarni zabt etish ham oson kechadi.
Shu maqsadda, ichki ishlar organlarining bosib o'tgan yo'llariga nazar tashlash borasida ham mamlakatimizda talaygina amaliy ishlar olib borilmoqda. Buning yorqin misoli sifatida, "Ustoz va shogird" ana'nasi, "Uch avlod uchrashuvi" tashkil etilib, bugungi yosh avlod "tirik tarix" bilan yuzma-yuz bo'lishiga imkon yaratdi.
Shu boisdan ham joriy yilning 18 noyabr kuni Termiz shahrida "Yangi O'zbekiston – yangi ichki ishlar organlari" shiori ostida "Uch avlod uchrashuvi" tashkil etildi.
Dastavval, Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan faxriylar Termiz tumanida joylashgan Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohida bo'lishib, u yerda mangu qo'nim topgan avliyolar haqqiga duolar qilishdi.
Shundan so'ng, Termiz shahridagi "Yoshlar ishlari agentligi" binosida tashkil etilgan "Uch avlod uchrashuvi"da ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida, Surxondaryo viloyati IIB boshlig'i polkovnik A.S.Ismoilov so'zga chiqib, ma'naviy-ma'rifiy tadbiridan ko'zlangan maqsad tarixdan to'g'ri saboq chiqargan holda buyuk kelajakka ildam qadam tashlash, shu bilan birgalikda, ustoz-shogird an'analarini yanada rivojlantirish ekanligini ta'kidlab, mehmon sifatida taklif etilgan ya'ni ichki ishlar organlarida uzoq yillar davomida fidoyilik bilan xizmat qilgan, general-leytenant Matlyubov Baxodir Axmedovich va Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi a'zolari general-mayor Karimov Raim Karimovich, polkovnik Azizxo'jaev Avaz Abbosovichlarning yurtimiz tinchligi va taraqqiyoti hamda ichki ishlar organlarini rivoji yo'lida qilgan mashaqqatli xizmatlari hamda yosh xodimlarni ona Vatanimizga muhabbat, o'z xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan tajribalarini yoshlarga yetkazib, faxriy mehmonlar bilan tanishtirib o'tdi.
Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan xodimlar, soha faxriylari va IIV Surxondaryo akademik liseyning o'quvchilari ishtirok etgan mazkur ma'naviy-ma'rifiy tadbirga uzoq yillar ichki ishlar organlarining rahbarlik lavozimlarida, shu jumladan ichki ishlar vaziri lavozimida xizmat qilgan iste'fodagi general-leytenant B.A.Matlyubov taklif etilganligi va unga IIV faxriylar Kengashining faol a'zolari va IIV Akademiyasi professori polkovnik Sh.R.Qobilovlarning hamrohlik qilganligi uchrashuvga o'zgacha fayz va shukuh bag'ishladi - desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Dastlab so'z olgan iste'fodagi general-leytenant B.A.Matlyubov mamlakatimiz ichki ishlar organlarining uzoq va yaqin tarixiga to'xtalib, ayniqsa mustaqillikning ilk yillarida uyushgan jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarni bayon qilib, bu jarayonda xizmat qilgan ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatidan misollar keltirib, Sariosiyo voqealarini yodga olib, ichki ishlar organlari xodimlarining jasorati va fidoyiligi kelgusi avlodlar uchun hayot maktabi bo'lib xizmat qilishi kerakligini ta'kidlab o'tdi.
Shundan keyin so'zga chiqqan IIV faxriylar Kengashining a'zolari ham o'z hayot va xizmat yo'lidagi zalvorli davrlarni va muvaffaqiyatga erishgan onlarini ishtirokchilar e'tiboriga etkazib, bugungi yosh avlod "ichki ishlar organi xodimi"- degan sharafli nomga munosib bo'lishi uchun o'z ustida tinimsiz ishlashi, bilimlarni puxta egallashi va asosiysi xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni o'zining "muqaddas burchi"- deb, bilishi lozimligini aytib o'tdilar.
IIV Akademiyasi professori polkovnik Sh.R.Qobilov esa ishtirokchilarga B.A.Matlyubov muallifligida chop etilgan "O'zbekistonda jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlash tarixi" nomli kitobning yaratilish tarixi hamda undan joy olgan fakt va fikrlar to'g'risida batafsil ma'lumot berdi.
Shundan keyin ushbu kitobning bir nechta nusxasi Surxondaryo viloyati IIBning bir guruh xodimlari va faxriylariga muallif tomonidan dastxat asosida sovg'a qilindi.
Shu bilan birga, IIV Surxondaryo akademik litseyining bilimdon o'quvchilariga O'zbekiston Respublikasi IIV vazirining stipendiyalari, IIV Akademiyasi tomonidan, Termiz davlat universiteti talabalari va IIV Surxondaryo akademik litseyining bir qator bilimdon o'quvchilari kitoblar to'plami hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishdi.
O'z navbatida ishtirokchi yoshlarning ichki ishlar organlari faoliyatini yana-da takomillashtirish to'g'risida bildirgan fikr-mulohazalari tinglandi.
Taklif etilgan mehmonlarga tadbir yakunida an'anaga ko'ra Surxondaryo milliy kiyimlari kiydirilib, boshqarmaning esdalik sovg'alari topshirildi.
Sermazmun suhbatlarga boy bo'lgan ushbu ma'naviy-ma'rifiy tadbir ishtirokchilarning xotirasidan o'chmas joy olishi bilan birgalikda, ularning kelgusi hayot yo'llarini yorituvchi ziyo bo'lib xizmat qilishi shubhasiz.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech