Surxondaryo viloyati IIBda "EL-YURT OROMINI AVAYLAB ASRAB..."kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi
Joriy yilning 25 oktabr kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida, boshqarma boshlig'i polkovnik Abduvohid Ismoilov tashabbusi bilan boshqarma boshlig'i hamda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi, "Xalq posboni" gazetasi bosh muharriri Jumanazar Anorov muallifligida, O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlanib, "SURXON-NASHR" nashriyoti tomonidan chop etilgan, "EL-YURT OROMINI AVAYLAB ASRAB..."nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi.
Unda boshqarma boshlig'i, uning o'rinbosarlari hamda barcha sohaviy xizmat rahbarlari, soha faxriylari ishtirok etishdi. Kitob O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ichki ishlar organlari xodimlariga aytilgan fikrlari bilan boshlangan. Undan so'ng kirish, qisqacha Surxondaryo viloyati haqidagi ma'lumotlar, viloyat ichki ishlar boshqarmasini boshqargan boshliqlar, mustaqillik yillarida "polkovnik" maxsus unvonini olganlar, kadrlar masalasi, davlat mukofotiga sazovor bo'lgan xodimlar, sohaviy xizmatlar, shahar-tuman ichki ishlar bo'limlari faoliyati yoritib borilgan.
Shuningdek, viloyat IIBda xizmat qilib, bo'sh vaqtida ijodkor, shoir, rassom sifatida o'zining asarlarini matbuotda yoritib kelayotganlar, uzoq yillar davomida tizimda ishlab pensiyaga chiqib, bugungi kunda yosh xodimlar bilan "Uch avlod" uchrashuvlarini tashkil etayotgan faxriylarning xotiralari, esdaliklari va tilaklari o'rin olgan.
Eng asosiysi, kitobda O'zbekiston Respublikasining uchta davlat bilan bog'lab turuvchi Surxondaryo viloyati Afg'oniston, Tojikiston hamda Turkmaniston Respublikalari bilan chegaradosh bo'lgan Surxon vohasida istiqomat qiluvchi aholining tinchligi va farovonligini asrab avaylayotgan Vatan uchun jonini fido qilgan mard, Jasur, dovyurak ichki ishlar organlari xodimlarining qahramonliklari va jasoratlarini e'tirof etilishi tahsinga loyiqdir.
Shu bilan birgalikda kitobda "Jinoyatga jazo muqarrar" nomli bo'limida jinoyat qidiruv xizmati xodimlari tomonidan jinoyatchilikni "issiq izida" fosh etishdagi tajribalari va mahoratlari oqibatida turli voqealar aks ettirilganki, bu o'quvchini va kelajak avlodni o'ziga rom etish bilan birgalikda ularda vatanparvarlik tuyg'ularini shakllantirib boradi.
Umuman olganda kitob O'zbekistonda ichki ishlar organlarining haqqoniy tarixini yaratish va shu asosda yosh avlodni, mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ularning vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilganligi alohida ta'kidlandi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati