Surxondaryo viloyati IIBda bir guruh xodimlar mukofotlandi
Vatan himoyachilari kuni bayram tadbirlari huquq tartibot organlari tizimida ham munosib qarshilanmoqda. Sana munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasida ham tantanali tadbir tashkil etildi.
Dastlab, viloyat IIB boshlig'i, polkovnik Abduvohid Ismoilov O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlarga yo'llagan bayram tabrigini o'qib eshittirdi.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'iga asosan Vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini ta'minlash yo'lidagi ko'p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish borasidagi samarali mehnatlari, o'z xizmat burchini bajarish chog'ida ko'rsatgan mardlik va jasorati uchun hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan mukofotlangan bir guruh xodimlarga ichki ishlar vazirining muddatidan oldin maxsus unvoni, "a'lo xizmatlari uchun" va I-II-III- darajali "benuqson xizmatlari uchun" ko'krak nishonlari, "esdalik qo'l soati" va faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'ining buyrug'i bilan 400 nafarga yaqin xodim pul mukofoti bilan rag'batlantirildi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati