Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i polkovnik Abduvohid Ismoilov tomonidan IIV Akademiyasi tinglovchilari uchun onlayn "Master-klass" o'quv mashg'uloti o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining 2021 yil 25 avgustdagi 298-son buyrug'i asosida, joriy yilning 24 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i polkovnik Abduvohid Ismoilov, ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kunduzgi ta'lim bakalavr bosqichining Surxondaryo viloyatidan jamlangan kursantlari, magistratura tinglovchilari va ixtisoslashtirilgan kafedralarning professor-o'qituvchilari ishtirokida onlayn master-klass o'quv mashg'uloti o'tkazildi.
O'tkazilayotgan onlayn master-klass mashg'ulotlaridan ko'zlangan asosiy maqsad, IIV Akademiyasi o'quv jarayonidagi asosiy muammolaridan biri bo'lgan nazariya va amaliyot uyg'unligini ta'minlash hamda kursantlar olayotgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo'llanishini solishtirish imkonini yaratishdan iboratdir.
Mashg'ulot avvalida, Surxondaryo viloyati hududidagi jinoyatchilik ahvoli, jinoyatlarning ortgan turlari, kelib chiqish sabab va omillari, shart-sharoitlari, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari, Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlash, huquqbuzarliklar tezkor-profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlar hamda IIV Akademiyasida mutaxassislarni tayyorlashda e'tiborga olinishi lozim bo'lgan masalalar xususida so'z yuritdi.
Kursantlar o'z hududlaridagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, qaysi masalalarga e'tibor qaratish lozimligi, o'z hududlaridagi muammolarni professor-o'qituvchilar bilan birgalikda tahlil qilib, ushbu muammolarning nazariy yechimlarini qanday topish yo'llarini o'rganishi ularning amaliyotda jinoyatchilikni ochishda yaxshi natijalarga erishishiga zamin yaratadi.
Vaholanki, bugungi islohotlar, davr talabi ichki ishlar organlaridan jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning sodir etilishiga yo'l qo'ymaslik va barvaqt oldini olish talab etmoqda. Jinoyatga sabab bo'ladigan omillarni tahlil qilish esa aynan yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni aniqlashda va buning oldini olishda asosiy omil bo'lib xizmat qiladi.
So'ngi yillarda "xavfsiz shahar" va "xavfsiz hudud" kontsepsiyalari joriy etilgani, jinoyatchilikni jilovlash hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida mahalladagi muammolarini "mahallabay", "sohabay" va "oilabay", "fuqarobay" aniqlab, "xavfsiz hovli" tamoyili asosida mahallalarda "ijtimoiy profilaktika" tizimi yo'lga qo'yilganligi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bu esa fuqarolarimizda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch hissini yanada oshirmoqda.
Mashg'ulotlar davomida Surxonadryo viloyatidagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash sohasida olib borilayotgan ishlarning o'ziga xos xususiyatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, viloyatning kriminogen vaziyati hamda o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, jinoyatchilikka qarshi kurashish, yo'l transport hodisalarining oldini olish, xavfsiz turizmni ta'minlash, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishdagi dolzarb masalalar bo'yicha kursantlarga tegishli tushunchalar berib o'tildi.
Aytish kerakki, kelgusida viloyatimizga – IIV Akademiyasining tegishli kafedrasini biriktirib, amaliyotda uchrayotgan muammoli holatlar, jinoyatchilikning kelib chiqish sabablarini o'rganish, tahlil qilish, prognozlash va aniq tashxis qo'yishda ilmiy jihatdan yondashib, hamkorlikda faoliyat olib borish masalasi o'rtaga tashlandi. Bu esa yangi O'zbekistonni qurish, uchinchi renessans poydevorini barpo etish davrida eng muhim yo'nalishlaridan biri bo'lgan – qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta'minlashda yordam beradi. Albatta, buning uchun har bir kursant nazariy va amaliy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, qonunchilikda kiritilayotgan o'zgartirish va qo'shimchalardan xabardor bo'lishi, bu yo'nalishda mavjud adabiyotlarni o'qib, xorijiy tajribalarni o'rganish, bir so'z bilan aytganda, har tomonlama bilimdon va yetuk kadr bo'lib yetishishlari uchun, o'z ustida muntazam ishlashi talab etiladi. O'quv mashg'ulotida ayni shu masalalar xususida ham to'xtab o'tildi.
Ochiq va munozaralarga boy bo'lgan o'quv darsida kursantlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga boshqarma boshlig'idan tegishli javoblar olishdi.
Mashg'ulot yakunida boshqarma boshlig'i Abduvohid Ismoilov ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlarining o'quv jarayonida, shuningdek amaliy ish faoliyatini boshlash davrida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammoli vaziyatlar, yosh kadrlar duch kelayotgan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish bilan bog'liq yechimlar xususida o'zining fikr-mulohazalarini, taklif hamda tavsiyalarini ham berib o'tdi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati