Surxondaryo viloyati 3-sektor rahbari yoshlar bilan uchrashuvda yoshligini esladi
Bugun 15 iyun kuni Surxondaryo viloyatida "yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!"shiori ostida o'tkazilayotgan yoshlar festivali boshlandi.
"Yoshlar oyligi" munosabati bilan tashkil etilgan tadbir doirasida muhtasham yoshlar markazida "ichki ishlar boshlig'i va yoshlar uchrashuvi" ham bo'lib o'tdi.
Unda Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Abduvohid Salomovich Ismoilov va uchinchi sektor yoshlari IIB boshlig'ining bolalik, talabalik yillari va mehnat faoliyati haqida qiziqarli savollarni o'rtaga tashladi.
Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i yoshlar tomonidan berilgan savollarga samimiy javob berdi. Bolalik yillari, talabalikning oltin davri va mehnat faoliyatida yuz bergan ibratli voqealar to'g'risida so'zlab berdi. Bilimga chanqoq, izlanuvchan yoshlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan to'g'ri va samarali foydalanish, ko'proq o'z ustida ishlash, kitob mutolaa qilish ko'niksmasini mustahkamlashning hayotda o'z o'rnini topishdagi ahamiyati hamda ichki ishlar sohasida uchraydigan qiziq hodisalar, vaziyatlar, og'ir voqealar haqida fikr almashdi.
–Bizning o'spirinlik, yoshlik davrlarimizda hozirgidek sharoit va imkoniyatlar bo'lmagan,–dedi A.Ismoilov.– Moslashtirilgan maktabda o'qiganmiz. Bugun biz sizlar o'qiyotgan ta'lim muassasalariga havas qilamiz. Fanlarni chuqur o'zlashtirishingiz, kasb sirlarini mukammal egallashingiz va iste'dodingizni keng namoyon etishingiz uchun barcha qulaylik yaratilgan. Faqat bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish kerak, xolos.
Ochiq muloqotda ishtirok etgan yoshlar uchrashuvda so'zga chiqib, jamiyatni yanada rivojlantirish, ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash orqali yoshlar o'rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish kabi ko'plab masalalarda taklif va g'oyalarini ilgari surdi.
Qiziqarli savol-javob va takliflarga boy bo'lgan motivasion uchrashuv yakunida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik A. Ismoilov yangi O'zbekiston yoshlarining hayotda munosib o'rin egallashi uchun tegishli maslahatlar berib, ularning kelgusidagi o'qish va ishlariga omad tiladi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati