28 Oktyabr 2021 yil 630

Surxondaryoda "O'quvchi-talabalar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi kurashish" shiori ostida tezkor profilaktik targ'ibot tadbiri o'tkazildi

Surxondaryo viloyatida joriy yilning 7-oktabr kunidan 31-oktabr kunga qadar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi va ichki ishlar vazirligining jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi tashabbusi bilan "Giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi" doirasida Respublika miqyosida oliy va o'rta ta'lim muassasalarida "O'quvchi-talabalar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi kurashish" shiori ostida tezkor profilaktik targ'ibotlar o'tkazilmoqda.
Xuddi shunday tadbir Termiz Davlat universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti Termiz filiali, Termiz Davlat universitetining Pedagogika instituti, Termiz Olimpiya zahiralari kolleji, Ro'zi Choriev nomidagi ixtisoslashtirilgan san'at maktabi internati, yoshlar ishlari agentligi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialida tashkil etildi.
Unda talabalar, o'quvchilar, pedagoglar va ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda huquqtartibot organlari vakillari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida giyohvandlik va uning kelib chiqishi, aholining barcha qatlamlari orasida ayniqsa, yoshlar o'rtasida mazkur qora illatni taraqalishini oldini olish bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Asosan bugun global muammolardan biriga aylangan giyohvandlikning oldini olish borasida respublikada keng qamrovli ishlar haqida so'z yuritildi.
Shuningdek, ma'ruzachilar tomonidan "Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi" va "Orttirilgan immunitet virusi" infektsiyasining oldini olish, unga chalingan bemorlarni tibbiy-ijtimoiy muhofazalash, sanitariya-gigiena madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni giyohvandlik va boshqa illatlar ta'siridan asrash, sog'lom turmush tarzini shakllantirish masalalariga ham alohida to'xtalib o'tildi. Shuningdek, bu bo'yicha mavjud me'yoriy hujjatlar bilan ham yaqindan tanishtirib o'tildi. Ma'ruzadan so'ng mutaxassislar tadbir qatnashchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.
Giyohvandlik-bu giyohvand moddalarni iste'mol qilish, jismoniy va ruhiy qaramlik paydo bo'lishi, shaxsning yemirilishi bilan kechuvchi og'ir kasallikdir. Narkotik modda iste'mol qilish hozirgi kunga kelib, nafaqat kasallik, balki illatga aylanib ulgurgan. Bu jihatlar Termiz Davlat universitetida bo'lib o'tgan yig'ilishda alohida e'tirof etildi.
Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika unversiteti Termiz filialida tashkillashtirilgan tadbirda so'z olganlar tomonidan ta'kidlanganidek, eng achinarli tomoni shundaki, giyohvandlik ko'p hollarda o'z domiga 15-19 yoshlardagi o'smir va o'spirinlarni tortayotgani va bu vaqtda ular mustaqil fikrga ega emasligi xaqida fikr bildirishdi. Tadbirda "O'zimni yo'qotdim" nomli videolavhaning namoyish etilishi yig'ilganlarda katta ta'ssurot uyg'otdi.
Soha vakillari say'i-harakati bilan "Ro'zi Choriev nomidagi ixtisoslashtirilgan san'at maktab internati" o'quvchilari o'rtasida ham "Biz giyohvandlikka qarashimiz" shiori ostida tanlov bo'lib o'tdi. Tanlovda o'quvchilar o'zilarining giyohvandlikka qarshi ekanliklarini o'z ijod namunalari bo'lmish rasmlarida aks etdirishdi. Rasmlar tanlovi doirasida o'quvchilar tomonidan chizilgan rasmlarning ko'rgazmasi ham tashkil qilindi. So'ngra tanlov g'oliblari tashkilotchilarning esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishdi.
Termiz shahridagi "Olimpia zahiralari" kasb-hunar kollejida o'quvchi yoshlar o'rtasida milliy kurash sport turi bo'yicha o'tkazilgan musobaqa ham qizg'in o'tdi. Musobaqada 100 nafarga yaqin 2006 va 2007-yilda tug'ilgan o'quvchi sportchilar qatnashdi. Sportchi yoshlar o'zining mahoratlarini namoyish etishdi. "O'quvchi-talabalar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi kurashish" shiori ostida bo'lib o'tgan sport tadbiri yakunida g'oliblarga diplom va esdalik sovg'alar topshirildi.
Shuningdek, Termiz shahrida sport tadbirlari davom etdi. Misol uchun 3 ming qadam yurish marafoni bo'ldi. Unda 5 ming nafarga yaqinroq 7 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan fuqarolar faol ishtirok etishdi.
Ikki kunlik tezkor tadbirlarning yakunida "Yoshlar" markazida dastlab seminar trening bo'lib o'tdi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning faxriy yordig'i va esdalik sovg'alari berildi.
Aziz yoshlar! Giyohvandlik domiga tushib qolishdan o'zingizni asrang. Keyinchalik halovatingizni yo'qotib, har kuni yuz bora pushaymon qilgandan ko'ra vaqtida, imkoniyat borida ogoh bo'ling! Giyohvandliksiz kelajak sari ildam qadam tashlang!
Bir so'z bilan aytganda qora o'rgimchak misol odamlarni, eng achinarlisi yoshlarni o'z domiga tortishga urinayotgan giyohvandlik balosidan har birimiz avvalo o'zimizni, farzandlarimizni-yu, qo'ni-qo'shnimizni asrashga harakat qilsak maqsadga muvofiq bo'lardi. Zero, bu illatga qarshi kurashish uni tag-tomiri bilan yo'q qilish, nafaqat ma'lum bir idoralarning balki, barcha jamiyat a'zosining oldida turgan muhim vazifalaridandir.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech