24 Oktyabr 2025 yil 209

Surxondaryoda sportning voleybol turi bo‘yicha o‘quvchi qizlar o‘rtasida “viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi

Yurtimizda sportni ommalashtirish, ayniqsa yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib kamol topishini ta’minlash maqsadida, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 9 iyuldagi PQ-274-son qarori hamda 2020 yil 24 yanvardagi PF-5924-sonli farmoni ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida ham bir qator ijobiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi sport majmuasida qiz bolalar o‘rtasida voleybol sporti bo‘yicha viloyat bosqich musobaqasi o‘tkazildi. Unda viloyatning turli tumanlaridan kelgan 5–6-sinf o‘quvchi-qizlari o‘zaro bellashishib, o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Jo‘rabek Avazov, viloyat Sport boshqarmasi rahbari Sanjar Shomurodov hamda IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xujanov qatnashib, musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etishdi.

Bellashuvlar qizg‘in va o‘ta shavq bilan kechdi. G‘olib va sovrindor jamoalar quyidagicha aniqlandi:

1-o‘rin – Sherobod tumani maktab o‘quvchilari;

2-o‘rin – Jarqo‘rg‘on tumani maktab o‘quvchilari;

3-o‘rin – Sho‘rchi tumani maktab o‘quvchilari.

Yuksak natijaga erishgan jamoalar diplom, medal, pul mukofotlari, esdalik sovg‘alari hamda kuboklar bilan taqdirlandilar.

Bunday musobaqalar yosh avlodning sportga qiziqishini yanada oshirish bilan birga, ularda iroda, jamoada ishlay olish qobiliyati va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Text to speech