25 Noyabr 2021 yil 507

Surxondaryoda, "sog'lom hayot uchun 5 ming qadam" aktsiyasi o'tkazilmoqda

Ma'lumki, joriy yilning 15 noyabr kunidan 15 dekabriga qadar O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tomonidan soha xodimlari uchun "kasbiy tayyorgarlik oyligi"-deb, e'lon qilingan. Ushbu oylik doirasida Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ham turli aktsiyalar tashkil etilib, tizim xodimlarining kasbiy malaka va ko'nikmalari oshirilmoqda. Hozirgi lavhamizda shu haqda so'z yuritiladi.

Salomatlikni belgilovchi me'zonlar juda ko'p. Shulardan biri bu – piyoda yurish. Jismoniy mashg'ulotning ushbu turi–keksa-yu, yosh uchun birdek foydalidir. Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan Sariosiyo tumanining go'zal va so'lim Sangardak qishlog'ida tashkil etilgan "sog'lom hayot uchun 5 ming qadam" aktsiyasida 100 nafardan ziyod soha xodimlari hamda mahalliy aholi vakillari ishtirok etishdi.

Jismoniy faollik hamda sportning barcha turlari bilan doimiy shug'ullanib turish – inson salomatligini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Voha bo'ylab o'tkazilayotgan aktsiyalar davomida ayniqsa, soha faxriylari alohida namuna ko'rsatmoqdalar.

Ichki ishlar tizimida 35 yil faoliyat ko'rsatgan uzunlik Xudoyberdi Namozov ham 65 yoshda bo'lsa-da jismoniy faollikni qo'ldan bermay, o'z yashash xonadonida og'ir atletika hamda tomorqasida jismoniy mehnat bilan yoshlarga o'rnak bo'lib kelmoqda.

Albatta, sport mashg'ulotlari bilan birgalikda jismoniy faollik hamda ekologik barqarorlikni ta'minlash ham sog'lom turmush tarzini shakllantirishda muhim sanaladi.

Ayni maqsadda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan "yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko'chatlari ekilib, bog'lar ham barpo etilmoqda.

Ayniqsa, soha fidoiylarining maktab o'quvchilari orasida sportni keng targ'ib qilish va ularning sifatli bilim olishiga ko'maklashish yo'lidagi sa'yi-harakatlar yoshlarga ko'tarinki ruh bag'ishlab, kelajakka bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

 

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech