7 Avgust 2024 yil 581

Surxondaryoda soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan shaxslarning qilmishi fosh etildi.

Termiz shahrida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan E.S. 2021 yilning yanvar oyidan 2024 yilning may oyiga qadar Termiz shahar Adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazida ishlagan davrida, o‘zining xizmat majburiyati hisoblangan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangi ko‘rinishdagi haydovchilik guvohnomalariga almashtirish vakolatidan shaxsiy manfaati uchun foydalanishni maqsad qilib, ushbu xizmat majburiyatidan chetga chiqib, o‘zining jinoiy sherigi 1992 yilda tug‘ilgan A.U. bilan birgalikda jinoiy reja tuzishib, haydovchilarni tayyorlovchi avtomaktablarda o‘qib, guvohnoma olgan fuqarolarga nazariy va amaliy imtihonlarni topshirmagan hamda ilgari umuman haydovchilik guvohnomalariga ega bo‘lmagan bir necha fuqarolarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ilgari ham haydovchilik guvohnomalari olganligi haqidagi soxta ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan fuqarolarga haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berganligi va buning natijasida moddiy manfaatdor bo‘lishganligi  aniqlangan.

E.S. va A.U.lar 2021 yilning yanvar oyidan 2024 yilning may oyiga qadar jami 100 nafardan ortiq shaxslarga yuqorida ko‘rsatilgan usulda noqonuniy ravishda haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berganligi hamda har bir rasmiylashtirib bergan sohta haydovchilik guvohnomalari uchun o‘rtacha hisobda 500 AQSh dollaridagi pul mablag‘lari  olishganligi va ushbu pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborishganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro E.S. va A.U.larga nisbatan Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi va 228-moddasi 3-qismi  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech