Surxondaryoda sodir etilgan do‘kon o‘g‘irliklari jinoyati fosh etildi
Joriy yilning noyabr oyining oxirgi 10 kunligida, viloyatning Denov (3 ta), Sho‘rchi (2 ta), Angor (1 ta) va Muzrabot(1 ta) tumanlari hududida bir qator do‘konlarda tungi vaqtlarda yuziga niqob taqib olgan noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilgan. Jinoyatni sodir qilgan shaxslar esa kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinaga o‘tirib, voqea joyidan noma’lum tomonga yashiringan.
Jumladan, 2022 yil 25 noyabr kuni Denov tumani “Namuna” mahallasida yashovchi K.A. viloyat IIBda mavjud bo‘lgan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Denov tumani “Namuna” maxallasida joylashgan oziq-ovqat do‘konidan taxminan 10.000.000 (o‘n million) so‘m miqdoridagi pullari va oziq-ovqat mahsulotlari o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv va surishtiruv davomida, jinoyatchilar kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinada kelganligi aniqlandi.
Ikkinchi holat esa Denov tumani “Yangihayot” mahallasida joylashgan oziq-ovqat do‘konida 2022 yil 22 noyabr kunidan 23 noyabr kuniga o‘tar kechasi sodir etilgan. Gumonlanuvchilar va ular harakatlangan avtomashinaning harkatlari o‘rganilganda, gumonlanuvchi shaxs soat 04:32da do‘kon ichkarisiga kirib, 04:37da do‘kon ichidan chiqib ketganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv va surishtiruv davomida jinoyatchilar harakatlangan avtomashina - kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashina ekanligi va 4 ta baloniga ham “Lasseti” avtomashinasining kalpagi qo‘yilganligi hamda ushbu avtomashinaning davlat raqami 30 * ??? **raqami bilan boshlanishi aniqlangan.
Uchinchi holat hududdagi “Qoraxon” mahallasida yashovchi fuqaro A.B.ning oziq-ovqat do‘konida 2022 yil 24 noyabr kunidan 25 noyabr kuniga o‘tar kechasi sodir etilgan. Bunda gumonlanuvchilarning tashqi ko‘rinishi o‘rganilganda, o‘g‘irlik sodir etilgan aniq vaqti 00:59 larda do‘kon ichkarisiga kirib, 01:03da do‘kon ichidan chiqqanligi aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha ham olib borilgan tezkor qidiruv va surishtiruv davomida, gumonlanuvchilar kelgan avtomashina -kulrang “Neksiya 2” rusumli avtomashina ekanligi va 4 ta baloniga ham “Lasseti” avtomashinasining kalpagi qo‘yilganligi hamda olib borilgan surishtiruvlar natijasida ushbu avtomashinaning haydovchi tomon orqa farasining biri yonmasligi aniqlangan.
Keyingi o‘g‘irlik 2022 yil 28 noyabr kunidan 29 noyabr kuniga o‘tar kechasi, Sho‘rchi tumani “Bobur” mahallasida joylashgan savdo do‘konida sodir etilib, do‘kon egasiga tegishli 2.500.000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketilgan. Ushbu holat bo‘yicha Sho‘rchi tumani IIB JQB xodimi kapitan J.Eshonqulov tomonidan surishtiruv ishlari olib borilganda, tumandagi “Bobur” mahallasida joylashgan savdo do‘koniga soat taxminan 01:52 larda noma’lum shaxslar “Neksiya-2” avtomashinasida kelib, do‘kon eshigini qulfini buzib ochib, do‘kon ichidagi kassada bo‘lgan 2.500.000 (ikki million besh yuz ming) so‘m pullarini va sigaret, suv va bananlarini o‘g‘irlab soat 01:59 larda do‘kondan chiqib ketganligi holati do‘konda o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasiga tushib qolganligi aniqlangan.
2022 yil 29 noyabr kunidan 30 noyabr kuniga o‘tar kechasi shunga o‘xshash o‘g‘irlik Angor tumani “Guliston” mahallasi At-Termiziy ko‘chasida joylashgan “Samira Market Angor” oilaviy korxonasiga qarashli oziq-ovqat do‘konida ro‘y bergan. Ya’ni oziq-ovqat do‘koniga soat taxminan 02:18larda Sherobod tumani tomondan harakatlanib kelgan kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinada 2 nafar noma’lum shaxslar kelib, 1 nafari avtomashina ichida qarab turgan. Shu vaqtda yuzida tibbiyot niqobi va qo‘liga tibbiyot rezina qo‘lqoplarini kiygan 2 nafar noma’lum shaxslar avtomashinadan tushgan va do‘kon tomonga harakatlanib, oziq-ovqat do‘konining eshigini “atvyorka” yordamida ochib, qo‘lidagi fonarikni yoqib, do‘kon ichkarisiga kirgan. U yerdagi pullar saqlanadigan joy - shkafda savdodan tushgan 1.700 AQSh dollari, 22.000.000so‘m pullarini va “Novey T300” markali telefon apparatini o‘zi bilan olib kelgan polietilen paketga solib, oziq-ovqat do‘konidan chiqqan. Tashqarida avtomashinada kuzatib o‘tirgan ikkinchi noma’lum shaxs esa mashinadan tushib kelib, do‘kondan chiqqan jinoiy sherigining qo‘lidagi polietilen paketni olib, avtomashinaga olib borib qo‘ygan. Do‘kondan o‘g‘irlik qilib chiqqan shaxs esa oziq-ovqat do‘konining yonida bo‘lgan “Alko market”do‘koniga eshikni atvyorka bilan buzish yo‘li orqali ichkariga kirishga uringan, lekin uddalolmagan. Keyin u o‘zlari kelgan avtomashinaga o‘tirib, Angor tumani markazi tomon harakatlangan. Ushbunoma’lum shaxslar hodisa sodir etilgan joydan soat taxminan 02:45 larda chiqib ketishgan. Ushbu kulrang “Neksiya-2” rusumli avtomashinaning ham tormoz urgan vaqtida orqa chap tomondagi farasi yonmasligi, shinalarida 15 diametrlik belgilari mavjudligi aniqlangan.
Oltinchi holatda 2022 yil 1 dekabr kunidan 2 dekabr kuniga o‘tar kechasi soat 01:00 lar atrofida Muzrabot tumani “Oriyat” maxallasida joylashgan savdo do‘koni yonida kulrang raqamsiz “Neksiya-2” rusumli avtomashinadan bir nafar noma’lum shaxs tushib, savdo do‘koni oldi eshigi yoniga kelgan va dastasi qora rangli pichoq bilan akfa eshigini ochayotgan vaqtida, qorovulxonada yotgan - voyaga yetmagan A.B. eshikni tashqaridan kimdir ochayotganligini sezib qoladi. U qorovulxonadan chiqib, savdo do‘koniga o‘tganda, yuzida qora rangli niqob taqqan, qo‘lida dastasi qora rangli pichoq bilan noma’lum shaxs A.B.ga “Oldimga yaqinlashma, kelsang o‘ldiraman”, deb taxdid qilgan. Shundan so‘ng, noma’lum shaxs savdo do‘kondan chiqib, kelgan avtomashinasiga o‘tirib, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur jinoyatlarni sodir etib yurgan shaxslarni qo‘lga olish yuzasidan IIB xodimlari tomonidan tegishli surishtiruv olib borilib, do‘kon va aqlli bekatlarida mavjud kuzatuv kameralariga tushib qolgan ikki nafar fuqaroning tashqi ko‘rinishi, kiyimlari hamda boshqaruvidagi avtomashinasi yuzasidan kuzatuv olib borildi. Natijada mazkur fuqarolar 2 nafar ekanligi, yuziga tibbiyot niqobi, qo‘lida tibbiyot qo‘lqoplari taqib, kulrang “Neksiya” rusumli avtoulovda davlat raqam belgisi yopiq holatda sodir etib yurganligi aniqlandi.
O‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Sho‘rchi tumani IIB, Denov tumani IIB va viloyat IIB YHXB xodimlari bilan hamkorlikda surishtiruv harakatlari olib borildi. Olingan tezkor ma’lumotga asosan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan kulrang “Neksiya 2” avtomashinasi Denov tumani “Namuna” mahallasida harakatlanib ketayotgan vaqtida nazorat tartibida to‘xtatib tekshirilganda, ushbu avtomashina ichida yani boshqaruvida Denov tumanida yashovchi A.Sh. borligi aniqlandi. Avtomashina ichi ko‘zdan kechirilganda o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilgan vaqtlarda avtomashinasi raqami berkitilgan temirdan yasalgan M5 yozuvli 2 dona raqamlar, do‘konlar va aqlli bekatlarni ochish uchun foydalanilgan bir dona qora rangli pichoq va uning g‘ilofi hamda bir dona qora rangli yoritish moslamasi borligi aniqlandi.
Surishtiruvlar davomida Denov tumanida yashovchi A.Sh. o‘zining avtomashinasida Termiz shahrida yashovchi tanishi F.Sh. bilan birgalikda doimiy ravishda viloyat hududi bo‘ylab, do‘kon va aqlli bekatlarda o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etib yurganliklari oydinlashdi. Gumonlanuvchi F.Sh. ham viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Termiz shahar hududida qo‘lga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha surushtiruv ishlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati