13 Noyabr 2022 yil 331

Surxondaryoda “Yangi nafas” yugurish sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi

Bugun mamlakatimizning 15 ta shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan «Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz» shiori ostida «Yangi nafas» sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuasidan “Bolajon” bog‘ida joylashgan katta bayroqgacha bo‘lgan 3 km masofada o‘tkazilgan marafonda surxondaryolik davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, harbiylar, nuroniylar, yoshlar hamda parasportchilardan iborat 4 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Start chizig‘ida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimi To‘ra Bobolov tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan tabriklab, marafon ishtirokchilariga omad tiladi.

Shundan so‘ng, ommaviy yugurish musobaqasiga start berildi. Musobaqa ishtirokchilari viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining kuzatuvida finish chizig‘iga yetib bordi.

“Bolajon” bog‘ida joylashgan katta bayroq ostidagi maydonda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan katta bayram tadbirlari hamda “Yangi nafas” marofoni g‘oliblarini taqdirlash marosimlari o‘tkazildi.

Musobaqa g‘oliblariga medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alarni viloyat hokimi To‘ra Bobolov, sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar tantanali topshirishdi.

Bayram tadbirida san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yoshlarning o‘yin-kulgulariga ulandi.

Tadbirlar ommaviy axborot vositalarida, xususan, “Sport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Text to speech