21 Oktyabr 2024 yil 378

Surxondaryoda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar hamda mahalla xotin-qizlar faollarining soha bo‘yicha malakalari oshirildi

Joriy yilning 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollari bilan birgalikda  xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati mas’ul xodimi hamda “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi mutaxassislari tomonidan, zo‘ravonlikka qarshi kurashning xalqaro va milliy me’yoriy-huquqiy asoslari xususida so‘z yuritildi.

Jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olish, ularning huquqiy bilimi va savodxonligini oshirish, psixologik yordam hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “Himoya orderi” berish tartibi xususida ishtirokchilarga tushunchalar berildi.

Zo‘ravonlikning sabablari, ishtirokchilari va turlari, uning oilaviy nizodan farqini aniqlashtirish maqsadida, ishtirokchilar yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarga bo‘lingan holda amaliy mashg‘ulotlar olib borilib, xodimalarning erkin fikr bildirishi bilan bir qatorda mavzuga doir bilimlari yanada mustahkamlandi.

Ikki kun davom etgan trening yakunida ishtirokchilarning mavzuni o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida, ulardan sinov mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Text to speech