Surxondaryoda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tezkor-tadbirda, xo‘roz jangini tashkil etib kelayotgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Jinoyatga qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish va jamoat tartibini saqlash maqsadida olib borilayotgan reyd tadbirlari davomida, noqonuniy xo‘roz urushtirish bilan shug‘ullanayotgan bir guruh fuqarolar IIB xodimlari tomonidan aniqlanib, qo‘lga olindi.
2025-yil 15-iyuldan 15-avgustga qadar yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz
va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida, joriy yilning 19-iyul
kuni Surxondaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi hamda Angor tumani IIB Tezkor
qidiruv xizmati jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan Angor tumani hududida
o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida quyidagi jinoyat holati aniqlanib, ushbu jinoiy
qilmishga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha 1995-yilda Angor tumanida tug‘ilgan fuqaro, jinoyat yo‘li
bilan daromad orttirish maqsadida, Angor tumani hududidan bino sotib olib, ko‘p
miqdordagi pul evaziga qimor va tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz urushtirish o‘yinini
tashkil etib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Tezkor-tadbir davomida “qora bozor”da har biri taxminan 1 000 (ming)
AQSh dollariga baholangan 12 dona “jangovar xo‘roz” hamda o‘yinga tikilgan 27 850 000
(yigirma yetti million sakkiz yuz ellik ming) so‘m pul mablag‘lari ashyoviy dalil
sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ushbu noqonuniy o‘yinda ishtirok etgan xo‘roz egalari — 1993, 1985,
1962, 2005-yillarda Sherobod tumanida, 1981-yil Uzun tumanida hamda 1998-yilda Termiz
tumanida tug‘ilgan fuqarolar ekanligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Angor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan
2025-yil 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi
1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu kabi tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy qimor o‘yinlar, nafaqat hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik, balki jamiyatda jinoyatga moyillikni oshiruvchi xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan omil sifatida baholanadi. Qonuniy hujjatlarga muvofiq, bunday tadbirlar noqonuniy hisoblanadi va qonun doirasida chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.