8 Iyun 2020 yil 1032

Surxondaryoda g'alla o'rimi avj pallada

Surondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, 3-sektor rahbari polkovnik Abduvohid Ismoilov Muzrabot tuman hokimi Erkin Alimov bilan birgalikda Muzrabot tumanida bobodehqonlarimiz tomonidan etishtirilgan g'alla mahsulotlarini nest-nobud qilmasdan, talon-tarojliklarga yo'l qo'ymasdan, tez fursatlarda yig'ib olish maqsadida, "g'alla-2020" o'rim-yig'im mavsumiga kirishish startini berishdi.
Bugun janub qo'yoshi taftida g'arq pishib etilgan bug'doy dalalarida o'rim ishlari avj pallaga kirdi. Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida g'alla o'rimiga tushildi. Buning uchun albatta, mavsumoldi texnikalar ko'rigi, mexanizatorlarning o'quvi, dalalarda kombaynlarning harakatlanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muzrabot tumanida 2020 yil g'alla hosili uchun 13 ming gektar maydonga bug'doy ekini ekilib parvarishlangan. Hududda jami 300 nafar fermer ayni sohada faoliyat yuritmoqda. Yalpi ishlab chiqarish 70 tsentner bo'lib, jami–90 ming 969 tonnani tashkil etadi.
Tumanda bug'doyning serhosil va erta pishar navlari ekilib, parvarish qilindi. Jumladan, 4267 gektar maydonga – G'azg'on, 2418 gektarga Bunyodkor navlari va 67 gektar – Antonina, 297 gektar Alekseyivich, 324 gektar Hisorak, 1000 gektar – Vassa, 4051 gektar – Grom, 440 gektar – Tanya hamda 76 gektar maydonga bug'doyning Sohibkor navlari ekilgan. Hozirda ularning barchasi pishib etilgan va o'rim ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Surxon vohasining Muzrabot tumanida g'alla o'rim-yig'imini o'z vaqtida uyushqoqlik bilan o'tkazish maqsadida, 21 ta ortyad tashkil etildi. Ularga 43 ta g'alla o'rish kombaynlari, 19 nafar ichki ishlar xodimlari va 19 ta ko'chma ustaxonalar biriktirilib, 235 mln. so'mlik ehtiyot qismlar zahirasi yaratilgan.
Shuningdek, o'rim oldidan har bir ortyad tarkibidagi kombayn operatorlarini moddiy rag'batlantirish maqsadida 2 qopdan un, 10 kilogramdan guruch va o'simlik yog'i, 2 qopdan kartoshka va piyoz hamda 2 mln so'mdan pul mablag'lari berildi. Asosiysi, g'alla o'rim otryadlari uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
O'rim-yig'im ishlarini uyushqoqlik bilan olib borayotgan muzrabotlik mirishkorlar amaldagi yilda g'alla hosilini 14 ish kunida yig'ishtirib olishni o'z oldilariga maqsad qilib qo'yganlar.
Shuningdek, o'rilib, yanchilgan g'alla hosilini isrof qilmasdan don mahsulotlarini qabul qilish maskanlariga etkazib berish uchun 172 ta g'alla tashish texniklari hasharga jalb qilingan.
Yurtimizda nonni mo''tabar deb qadrlash, uning ushog'ini ham isrof qilmaslik milliy qadriyat darajasiga ko'tarilgan. Zero, non – biz uchun farovonlik va fayzu baraka ramzidir. Mirishkorlarimiz joriy mavsumda ham xalqimizning rizq-ro'zi bo'lgan va ayni paytda pishib-etilgan don mahsulotlarini nobud qilmasdan yig'ib olish maqsadida tunu kun ter to'kmoqdalar. Albatta, zamindan mo'l hosil olish uchun yaxshi urug', qulay sharoit, maxsus teknika vositalari bilan bir qatorda g'ayrat va shijoat ham zarur. Bugun Surxon vohasining g'alla dalasida bo'lgan inson borki ana shunday serg'ayrat-shijoatli insonlarning fidokorligiga guvoh bo'ladi.
G'alladan bo'shatilgan er maydonlariga takroriy ekin ekish ishlari ham avj pallaga chiqdi. Bunda har bir fermer xo'jaliklari kambag'allikni qisqartirish maqsadida o'z ekin maydonlaridan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bir gektar er loyihasi asosida er ajratilib, serdaromad qishloq xo'jaligi mahsulotlari urug'ko'chatlari ekilishiga kirishiladi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech